Meksika Meksika ko‘rfazining nomini "Amerika" deb o‘zgartirganligi uchun Google'ni sudga berdi.
Meksika rasmiylari Google kompaniyasiga qarshi Google Maps xaritalash xizmatida Meksika ko‘rfazining nomini “Amerika ko‘rfazi” deb o‘zgartirgani uchun sudga murojaat qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Klaudiya Sheynbaum Meksikadagi Milliy saroyda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Sheynbaumning ta’kidlashicha, Meksika hukumati allaqachon Google'ga ogohlantirishlar bergan, ammo so‘rovlar e’tiborsiz qoldirilgan. "Google kompaniyasiga qarshi da’vo allaqachon qo‘zg‘atilgan va birinchi sud qarori qabul qilingan. Biz u amalga oshishini kutamiz", - dedi prezident.
Meksika rasmiylarining fikricha, Qo‘shma Shtatlar butun ko‘rfaz nomini o‘zgartirishga haqli emas. "Qo‘shma Shtatlar o‘z hududining bir qismini xohlaganicha atashi mumkin, ammo Meksikaga tegishli qismning nomini o‘zgartirib bo‘lmaydi", deb ta’kidladi Sheynbaum.