26 yoshli Kilian Mbappe «Real» tarkibida sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
«Yana oy futbolchisi bo‘lish — yoqimli tuyg‘u. Biz ko‘p o‘yinlarda g‘alaba qozondik va ko‘p gol urdik. O‘z yo‘limizdan borishda davom etamiz va o‘yinimiz hamda natijalarimizdan mamnunmiz. Shu ruhda davom etamiz, degan umiddaman», — dedi Mbappe klub rasmiy saytiga bergan izohida.
Futbolchi bu mukofotni jamoa safidagi ajoyib o‘yinlari uchun ikkinchi oy ketma-ket qo‘lga kiritdi. Avvalroq u Chempionlar ligasining 2-turida haftaning eng yaxshi o‘yinchisi va La Liganing sentyabr oyi futbolchisi ham deb topilgan edi.
Joriy mavsumda Mbappe «Real» safida barcha musobaqalarda 12 ta o‘yin o‘tkazib, 15 ta gol urdi va 2 ta golli uzatma qayd etdi.