Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Mavlid oyini qanday o‘tkazamiz?

Mavlid oyini qanday o‘tkazamiz?

Marhamati keng va rahmati cheksiz Alloh ismi bilan. Alloh taologa so‘ngsiz hamdu sano, janob Rasulullohga cheksiz salotu salom bo‘lsin.

Yakshanba kunidan boshlab muborak Mavlid oyi – robi’ul-avvalning 1-kuni kiradi. Bu milodiy 2020 yil 18 oktyabrga to‘g‘ri keladi.

Bu oyni qanday o‘tkazsak, Alloh taoloning rizosi va muhabbatiga muvofiq bo‘ladi? Nima bilan kunlarimiz, tunlarimiz va butun umrimiz savoblarga, nurga, fayzga to‘ladi? Ana shu xususda samimiy tavsiyalarimizni bayon etamiz.

Bilmoq lozimki, turli mamlakatlarda Mavlid oyi xilma-xil tarzda nishonlanadi. Ayrim o‘lkalarda masjidlarda hazrati Imom Buxoriyning kitoblari, xususan, hazrati Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” kitobi sharhlari ila xatm qilib chiqiladi. Mavlidning eng yaxshisi va eng barakotlisi ana shudir. Ayrim diyorlarda, jumladan, bizning yurtimizda ham masjidlarda va xonadonlarda Mavlidi sharif o‘qitish bir odob tusini olgan. 

Ahli sunnat val-jamoat olimlari masjidda Mavlidi sharif o‘qitish joizligiga Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” kitobidagi 242-hadisni va hazrati Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” kitobidagi 453, 3212, 3213, 6252-raqamli hadislarni dalil qilganlar. Shoir Hasson ibni Sobit roziyallohu anhuning masjid minbarida janob Rasulullohni madh etib she’r o‘qiganlari haqidagi bunday hadislar hazrati Imom Muslim va boshqa ulug‘ muhddislarning kitoblarida ham kelgan.

Shu bilan birga Mavlid o‘qitishga qarshi qattiq gaplar ham aytilgan.

Mavlidi sharif o‘qilganda quyidagi maqsadlar bo‘lishi lozim: 

1. O‘qilgan Mavlidning ma’nosini tushunish, janob Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak xislatlari, oliy vasflari, go‘zal axloq va odoblarini o‘rganib, o‘rnak olish. 

2. Janob Payg‘ambarimiz alayhissalomning hayotlarini o‘rganish va u zotni haqlariga loyiq tarzda to‘g‘ri va yaxshi tanib olish. Zotan, bu vojibdir.

3. Ko‘p salovot aytish. 

4. Bu mavlid vositasida dinda, sunnat amallarda, taqvo va yaxshilikda sobitqadam va bardavom bo‘lish.

Mana shu manfaatlar hosil bo‘lmasa, Mavlid o‘qitishdan hech qanday foyda bo‘lmaydi. Quruq ziyofatbozlik, tama’girlik, olim kishilarning vaqtini o‘ldirish va boshqa bid’atlar yuzaga keladi, xolos.

Sevikli do‘stlarimizga quyidagi tavsiyalarni bayon qilamiz. 

1. Bu oyda janob Payg‘ambrimiz alayhissalomga ko‘p-ko‘p salovot aytaylik, toki bir umr ko‘p salovot aytish doimiy odatimizga aylansin. Masalan, har kuni yuz marta salovot aytishni doimiy vazifa qilib olaylik. 

2. Hazrati Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” kitobini boshdan-oxir hurmat-e’tibor bilan takror-takror o‘qiylik. Bu muborak asar tarjimasi Toshkentda bir necha marta nashr bo‘lgan. Shu kunlarda yangi nashri bosmadan chiqadi.

3. Hazrati Shayx Barzanjiyning Mavlid kitobi, hazrati Muhamad Busiriyning “Qasidai burda”, hazrati Yo‘ldoshxo‘ja Xilvatiyning “Mavludun-Nabiy” kitoblarini ma’nolarini tushungan holda o‘qiylik va o‘qitaylik. Ularning sharhlaridan xabardor bo‘laylik. 

4. Sevikli Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak siyratlari va hayotlariga oid kitoblarni, xususan, Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” kitobi, hazrati Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Olamlarga rahmat payg‘ambar” kitobini hamda Islom tarixiga oid kitoblarni takror va takror o‘qiylik.

 5. Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlarini o‘rganib, har bir sunnatlariga ixlos va muhabbat bilan amal qilishni musulmonlik burchimiz deb bilaylik.

Allohning muhabbatiga, rahmatiga, jannatiga va jamoliga faqatgina Ul Hazrat sollallohu alayhi va sallamga ergashganlar, u zotning izlaridan yurganlar erishadi. Boshqa yo‘l yo‘q.

Shayx Mirzo Ahmad 

Xushnazar Termiziy

Kiritildi: 08:05 18.10.2020. O'qildi: 6120 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!