Savollari tarqalib ketgani ortidan mas’ul xodimlar javobgarlikka tortilishi aytilmoqda. Bu bo‘yicha Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi savollari tarqatilgani haqidagi xabarlar tarqalib, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Bu holat bo‘yicha Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Olimpiadalarda adolatni ta’minlash maqsadida joriy yilgi tuman bosqichi har bir sinf kesimida (9-, 10-, 11-sinflar) qayta o‘tkaziladi.
Agentlik ma’lumot berishicha, fan olimpiadalari uchun savollar Respublika Fan olimpiadalari markazi tomonidan tuzilgan bo‘lib, ular hududlardagi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarida tashkil etilgan shtablarda chop etilgan. Biroq ayrim mas’ul xodimlar o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, adolatni ta’minlamagani sababli materiallar tarqalgan.
«Hozirda bu holatga sababchi shaxslar aniqlanmoqda va ular amaldagi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortiladi», — deyiladi agentlik bayonotida.
Fan olimpiadalari markazi ta’kidlaganidek, tashkilot barcha bosqichlarda jarayonlarning shaffof, adolatli va xolis o‘tishi tarafdori hisoblanadi. Shu munosabat bilan, olimpiada savollari yoki javoblari pul evaziga taklif etilsa, yoki tanish-bilishchilik asosida ta’sir ko‘rsatish holatlari kuzatilsa, bu haqda markazning maxsus Telegram-boti yoki ishonch telefoni orqali xabar berish so‘ralgan.
Agentlik ta’kidlashicha, olimpiadalarning nufuzini saqlash va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish — bosh maqsad hisoblanadi.