Markaziy bank tomonidan 2024 yil moliyaviy barqarorlik bo‘yicha hisobotda mikroqarzlar bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Unga ko‘ra:
Mikroqarz olish uchun eng kam daromad talab qilinishi mumkin. Ya’ni, shaxs mikroqarz olishni istasa, uning oylik daromadi ma’lum bir minimal miqdordan kam bo‘lmasligi shart qilib belgilanishi mumkin. Bu summa aholining minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Qarzning maksimal miqdori ham cheklanishi mumkin. Ya’ni, bir kishi olishi mumkin bo‘lgan mikroqarz summasi uning yillik daromadiga nisbatan chegaralanadi (buni moliyada LTI — Loan to Income deyishadi). Masalan, yillik daromadi 36 mln so‘m bo‘lgan kishi 36 mln so‘mdan ko‘p mikroqarz ololmasligi mumkin.
Qarz yuki bo‘yicha istisnolar mikroqarzlarga taalluqli bo‘lmaydi. Markaziy bank banklarga mikroqarz berishda qarz yuki ko‘rsatkichini inobatga olmaslikka ruxsat bermaslikni taklif qilmoqda. Bu — mijoz oylik to‘lovni uddalay oladimi-yo‘qmi, aniq hisoblab, shunga qarab qarz berish degani.