Meta kompaniyasining global masalalar bo‘yicha direktori Djoel Kaplan Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Facebook’dagi posti vaqtinchalik bloklangani uchun uzr so‘radi. Bu haqda Kaplanning Nyu-Delida bo‘lib o‘tgan Janubiy Osiyo respublikasi elektronika va axborot texnologiyalari vaziri Ashvini Vayshnav bilan uchrashuvi yakunlariga tayanib, Hindistonning ANI agentligi xabar berdi.
«Men Meta nomidan vazirga bosh vazir Modining posti cheklanishiga olib kelgan xatolik uchun uzr so‘radim», — demoqda Kaplanning so‘zlarini ANI.
Bundan tashqari, Hindiston hukumatidagi manbalarning ma’lum qilishicha, Meta rahbari Mark Sukerberg ham Modining posti vaqtinchalik o‘chirib tashlangani uchun uzr so‘ragan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv davomida Amerika korporasiyasi vakillari o‘zlariga tegishli platformalar ishidagi kamchiliklarni tan olishgan.
Xususan, Meta rahbariyati bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik aks etgan materiallar va dipfeyklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni tan oldi, shuningdek, «muayyan turdagi kontentni ilgari surish uchun katta miqdordagi mablag‘lar to‘langanini» ma’lum qildi.
Avvalroq Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi Meta’dan Modining Facebook’dagi posti bloklanishi bilan bog‘liq hodisa tafsilotlariga izoh berish, shuningdek, kompaniya siyosati va yuz bergan voqeaning texnik sabablarini muhokama qilish uchun o‘z vakillarini yuborishni talab qilgan edi. Modining imtihon savollari sizib chiqishiga qarshi kurash choralariga bag‘ishlangan videoroligi 23 iyul kuni e’lon qilingan va 28 iyul kuni vaqtinchalik bloklanib qolgan edi.