Bugun 31 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Ma’muriy jazolar bekor qilindi

Ma’muriy jazolar bekor qilindi

Fermer xo‘jaligi rahbari SH.U. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani adliya bo‘limiga soliq organining o‘ziga nisbatan chiqarilgan 4 ta ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaroridan norozi ekanligini bildirib murojaat qildi.

Fermer xo‘jaligi faoliyati davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi hisoblanmasa-da, soliq organi tomonidan 37,3 ga sug‘oriladigan yer maydoniga ega ekanligi, ushbu yer maydonining 25 ga yoki undan ko‘prog‘i mavjud bo‘lgan taqdirda avtomatik ravishda QQS to‘lovchisi bo‘lishi kerakligi ta’kidlanib, hisobotlar taqdim etilmagani uchun mazkur qarorlar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 462- moddasi 17 qismida ko‘rsatilishicha, qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarda yigirma besh gektar va undan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari mavjud bo‘lgan taqdirda, ular ko‘rsatilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni yoki ushbu yer uchastkasining maydoni o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

– Lekin aniqlanishicha, SH.U.ning fermer xo‘jaligiga faqat 5,1 ga ekin maydoni tegishli bo‘lib, qolgan 32,2 ga yer maydoni bir necha yillardan buyon suv yetib bormaganligi sababli foydalanishdan chiqib ketgan, – deydi Beruniy tumani adliya bo‘limi boshlig‘i, I darajali yurist Saltanat Raimbekova. – Bu Beruniy tumani hokimining 2024 yil 19 fevraldagi tegishli qarori, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ishchi guruhining xulosasi bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Adliya bo‘limi tomonidan “Huquqiy ko‘mak darchasi” loyihasi doirasida shikoyat ariza loyihasi tayyorlab berilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining tegishli qarori bilan soliq organining fermer xo‘jaligi rahbari SH.U. ga nisbatan chiqarilgan 4 ta ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarori bekor qilindi. Mazkur qaror fermer xo‘jaligi rahbariga qo‘llanilgan noqonuniy ma’muriy jazolarni bekor qilish va ularning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning faoliyati yanada adolatli va qonuniy asoslarga tayangan holda amalga oshirilishiga ishonch hosil qiladi.

Kiritildi: 14:34 13.07.2024. O'qildi: 1244 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!