Maldiv Respublikasi prezidenti Muhammad Muizzu parlament tomonidan ma’qullangan qonunni imzoladi. Bu qonun asosiy daromad manbai turizm bo‘lgan mamlakat hududiga Isroil fuqarolarining kirishini taqiqlaydi.
"Bu qadam hukumatning Isroil tomonidan sodir etilayotgan yovuzliklar va Falastin xalqiga qarshi olib borilayotgan genosidga nisbatan qat’iy pozisiyasini tasdiqlaydi. Maldiv orollari yana bir bor Falastinni qo‘llab-quvvatlashini bildiradi," - deya ta’kidlandi prezident ma’muriyati bayonotida.
Muizzu ofisi vakili AFP agentligiga ma’lum qilishicha, taqiq darhol kuchga kiradi.
Maldiv orollari 1192 ta strategik joylashgan marjon orolchalaridan iborat kichik Islom respublikasi bo‘lib, o‘zining oq qumli xilvat sohillari va sayoz moviy lagunalari bilan mashhur.
Qonun loyihasi ham hukmron koalisiya, ham muxolifat kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yil fevral oyida Maldiv orollariga 214 ming sayyoh tashrif buyurgan.