Angliyaning Uiltshir okrugida yashovchi qiz homiladorligi haqida bilganidan uch kun o‘tgach bolani dunyoga keltirdi. Bu haqda Metro xabar bermoqda.
17 yoshli Eymi Stivens muntazam ravishda ukol olish uchun klinikaga tashrif buyurganida, homiladorlik testini o‘tkazgan. U uchun kutilmagan holda, test musbat natija ko‘rsatgan. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, konsepsiyadan beri besh yoki olti haftadan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, shuning uchun tug‘ruqqacha sakkiz oy qolgandi. "Hech qanday belgi yo‘q edi, hech kim hech narsani sezmadi, do‘stlarim ham, ishdan kelgan odamlar ham, meni har kuni ko‘rgan onam ham", deydi maktab o‘quvchisi.
Uch kundan keyin Eymi qattiq og‘riqni his qildi. "Men buni ich qotish yoki undan ham yomonroq – bola tushishi deb o‘yladim, lekin o‘z-o‘zidan o‘tib ketishiga umid qildim", deydi u. Hojatxonada 45 daqiqa o‘tirgach, qiz birdan o‘zini yaxshi his qildi. Hojatga qaraganida esa u yerda yangi tug‘ilgan bolani ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, og‘riq tug‘ruqdan oldingi dard tutishi bo‘lgan va tuqqanidan keyin o‘zini yengil his qilgan.
Bolani hojatxonadan olgach, Eymi onasining yordami bilan kindigini kesib, tez yordam chaqirgan. U uch kun kasalxonada yotishi kerak bo‘ldi. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, bola homiladorlikning 38-haftasida tug‘ilgan, uning vazni 2523 grammni tashkil qilgan. U ham, uning onasi ham butunlay sog‘lom edi.