Ulug‘lar hayratda, tiriklar mudroq
Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, hazrat Alisher Navoiy – bu uch ulug‘ zotni nima yoki qanday omillar bog‘lab turadi? Nekbin do‘stlarimiz darrov xotirni titkilab, ularning el-yurt, Vatan manfaatlari yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, bebaho ilmiy-adabiy merosini qiyoslashni boshlab yubordilar, ehtimol. Koshki edi, gap faqat shundan iborat esa-yu, quyida insho etmoqqa taraddudlanayotganimiz – ko‘z o‘ngimizda yuz berayotgan jaholat, mahdudlik voqe’ bo‘lmasa edi…
Xullas, siz ming o‘ylanmang, bari befoyda – biz aytmoqchi bo‘lgan omillarni topa olmaysiz. Gap shundaki, tafakkur darg‘alari, jahon tan olgan ilm-fan va madaniyat arboblari bo‘lmish bu uch zotni shu kunlarda chaqqon sotilayotgan daftar va unga insho etilmish ma’lumotlar bog‘lab turadi. Tasavvur qiling, oddiy daftar. Qo‘lga olasiz, u yoq-bu yog‘iga qaraysiz. Shunda…
Suratda Abu Rayhon Beruniy, ismu sharif yoziladigan o‘rinda Abu Ali Ibn Sino, tavallud va vafot etgan sana yoziladigan joyda Hazrat Navoiyning umr hisobi – 1441-1501...
Bu holatga madaniyatli til bilan izoh, sharh yozib bo‘lmaydi!
Qadriyatlar bozorga solinsa…
Ayni kunlar, maktab bozorlari – «sezon» avjida. Sadag‘ang ketay, ota-onalar ham arzonlashtirilgan bunday savdo rastalarini oralab, eng avvalo, farzandi arjumandi uchun qog‘oz-qalam, daftar-kitob xarid qilishga shoshadi. Rastalarda har daftarlar borki, uni ko‘rgan otalar va bolalar goho ziddiyatga ham borib qoladi. Bolakay zamonaviy mediamahsulotlar «qahramonlari» («Zorro», «O‘rgimchak odam», «Misha» laqabli ayiq va h.k.) tasviri bo‘lgan daftarlarga oshiqsa, ota esa jiddiyat bilan davlat ramzlari, mo‘’tabar dargohlar, ulug‘ zotlar surati aks etgan o‘quv qurollariga moyildek.
Bu holatda ikki taraf ham o‘zicha haq, – vaziyat bandasi. Ammo, qonun va hayot haqiqati shuki, bozorga solingan bu mahsulotlar aslida har jihatdan talabga javob bermaydi. Biz buni kontrafakt, ya’ni, iste’mol madaniyati va belgilangan huquqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan mahsulot, deymiz.
Xo‘sh, chaqqon «tadbirkor»larimiz ishlab chiqargan mahsulotlarining sifati, zarari, umuman, bu ish noqonuniy ekanligini biladilarmi? Shunisi ayonki, mahsulot sifati, uning bolalar sog‘lig‘i va ma’naviyatiga ta’siri ularni mutlaqo qiziqtirmaydi. Ular «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida», «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida», «Davlat ramzlari to‘g‘risida»gi Qonunlarni surbetlarcha buzib kelayotgani kimnidir qiziqtirayaptimi?..
Bu kabi holatlarni o‘rganish maqsadida Zangiota tumanida joylashgan «Ilm Shu’lasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatining savdo rastalarida o‘rganish o‘tkazildi. Xalq tilida «Solnechniy» nomi bilan tanilgan ushbu maktab bozoriga kirar ekanmiz, eng avvalo, bu yerda tozalik va sanitariya holati ayanchli ahvolda ekaniga guvoh bo‘ldik.
Rastalardagi o‘quv qurollarini ko‘zdan kechirish asnosida ko‘pgina daftar, jurnal va rangli qog‘ozlarning kontrafakt mahsulot ekanligini darrov payqadik. Ulardagi har xil behayo suratlar, mantiqsiz jumlalar, raqamlar, belgilarni ko‘rib, tang qolib turganingizda, nariroqda bir shovvoz o‘quv qurollarining peshonasiga davlatimiz ramzlarini naqsh etib pullayotgani, bozorga solgani taajjub uyg‘otadi kishida. Qaraymiz – bu sifatsiz, sog‘liqqa ham, aqlga ham zarar keltiradigan mahsulotlarning birortasida ishlab chiqaruvchi haqida ma’lumot yo‘q.
Tutqich bermas daftarbozlar
Rasta oxiri – 8 qatordamiz. O‘zini Matluba Hojiboyeva deb tanishtirgan ayolda mana shunday kamchiliklar kuzatilganligi uchun «Kontrafakt mahsulotlarni sotish taqiqlanganligini bilasizmi?» deya so‘raganimizda, bu haqida eshitmagani, tovar olayotganda mahsulotning sifati emas, narxiga ko‘proq ahamiyat berishini aytdi. Sifatsiz mahsulot arzon bo‘ladi-da. Bundan tashqari, uning na ijara shartnomasi, na sotish huquqi bor. Sal nariroqdagi rastaga yuzlandik. Bu yerdagi mahsulotlarning ham aksariyatida ishlab chiqarish manzili ko‘rsatilmagan, sifatsiz hamda mantiqsiz rasmlar tushirilgan daftar va jurnallar mavjud. Bu rastaning mudirasi Gulhayo Bibotova ekan. Undan ham hujjatlarini taqdim qilishini so‘raganimizda, sekingina yerga qarab: «Bu yerda men ishchiman, xo‘jayinlarim hali kelgani yo‘q», deya bahona qilishga o‘tdi. Yana ozroq yurib, 13-do‘kon oldiga to‘xtadik. Do‘kon egasi Bobur Nuriddinov rastasida ham xuddi shu holat. Shuningdek, bu yerdagi kundalikka tushirilgan rasm diqqatimizni tortdi. Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning surati mustaqillik maydonidagi «Ezgulik arkasi»ning ustida turganligi tasvirlangan. Nima ma’no yasamoqchi bo‘lishgan – hayronmiz. Undan ham hujjatlarni taqdim qilishini so‘raganimizda, eshitgan javobimiz shu bo‘ldi: «Bozorqo‘m olib ketgan…»
Xo‘sh, bozorqo‘m nima deydi?
Tushunmadik, bu yerdagi sotuvchilarga hech qanday hujjatsiz, huquq va shartnomasiz savdo qilishga ruxsat bormi? Kontrafakt mahsulotlarga bozor mutasaddilari ham javob berishadimi-yo‘qmi?
Bu savollarga bozor ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Ruslan Po‘latov quyidagicha javob berdi:
– Bozorimiz hududida hujjatsiz savdo qilish umuman mumkin emas. To‘g‘ri, ayrim sotuvchilarda hech qanday hujjat yo‘q. Lekin biz ularni ogohlantirganmiz. Ertagayoq ular bilan ijara shartnoma tuzib qo‘yamiz. Kontrafakt mahsulotlarga keladigan bo‘lsak, ularni, ochig‘i, biz nazoratga ololmaymiz. Chunki odamlar tovarlarini shaxsiy mashinalarida olib keladi. Mabodo, sotuvda shunaqa mahsulotlarga ko‘zimiz tushsa, tegishli joylarga, albatta, murojaat qilamiz.
Bizga bunday javob bergan mutasaddi biror marta tegishli joyga murojaat qilganmikin? Axir, bunday nostandart o‘quv qurollari deyarli har bitta do‘konda bor-ku... «Solnechniy»ning o‘zidan bir emas, ikki emas, naq 14 ta rastaga ko‘z yugurtirdik. Hammasida o‘sha gap. Ular orasida aksariyat mahsulotini o‘zi ishlab chiqarib sotuvga chiqaradigan “Arena International” xususiy korxonasi rahbari bilan ham suhbatda bo‘ldik. Uning do‘konida kontrafakt mahsulotlar deyarli yo‘q, biroq, gerb tushirilgan daftar va jurnallar talaygina. Shu o‘rinda aytish kerakki, «O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonunida, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas», deb yozib qo‘yilgan.
– Bundan xabarim bor, – deydi «Arena International» MCHJ rahbari Ulug‘bek Nurmatov. – Ishonasizmi, maktablarning o‘zi bizga shunday talab qo‘yayapti. Ular asosan, gerbli mahsulotlarga buyurtma berayapti. Biz nima qilaylik? Bu – bozor iqtisodi.
Iste’molchini nima qiziqtiradi?
Suhbatimizga ancha payt chetdan kuzatib turgan bir nechta ayollar qo‘shilishdi.
– Yigirma yildan beri o‘qituvchilik qilaman, – deydi Dilorom Fayziyeva. – Gerbli daftarlarni maktablar nima uchun talab qilishi mumkin, ochig‘i, bu gapga tushunmadim. O‘qituvchi sifatida bilganim shuki, ilgari bularning sifati juda yaxshi edi. Yozganimiz aniq ko‘rinar, ko‘zni charchatmas, bo‘yalib ketmasdi. Hozirgilari ancha sifatsiz. Qog‘ozlari yupqa, salga yirtilib ketadi. Keyin xirami-ey, qandaydir hidiyam bor. Sog‘liqqayam zarar-ku bu, to‘g‘rimi? Shuning uchun har mavsumda erinmasdan o‘zim kelib, farzandlarim, nevaralarimga qimmat bo‘lsayam, yaxshisidan olib ketaman.
– Bilasizmi, daftar yuzidagi har xil bemaza, behayo rasmlarni ko‘rsam, asabim buziladi, – deydi o‘zini Shohida deb tanishtirgan ayol. – Bir kuni kichkina qizim turk seriallaridagi aktyorlar surati tushirilgan daftar sotib olibdi. Tanbeh berdim. Ammo bu orqali ishlab chiqarayotganlar ommaviy madaniyatni targ‘ib qilayotganliklarini bilishmasmikin. Shu jihatlarigayam e’tibor qaratishsa, yaxshi bo‘lardi...
Zarari bo‘lsa borki, foydasi yo‘q…
– Kontrafakt mahsulotlar nafaqat yoshlarimiz ma’naviyatiga, balki, ularning sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi «Munis Design Group» mas’uliyati cheklangan jamiyat bosmaxonasi direktori Muhiddin Hakimov. – Masalan, sifatsiz qog‘ozga termulib turgan bolaning ko‘zi tez toliqadi. Sekin-asta ta’sir ko‘rsatib, ko‘rish qobiliyati pasayadi. Bundan tashqari, moyilligi bo‘lgan bolalarda allergiya qo‘zg‘ashi ham mumkin. Shuningdek, daftarlarda ishlatilayotgan bo‘yoqlarning sifati ham ko‘p hollarda standartlarga javob bermaydi.
– Aslida, yozuv daftarlari davlat standartiga muvofiq, salmog‘i 70-80 2/m2 bo‘lgan ofset qog‘ozlaridan tayyorlanishi kerak, – deydi «O‘qituvchi» nashriyotining direktori birinchi o‘rinbosari Farhod Fozilov. – Oqlik darajasi esa 84 foizdan kam bo‘lmasligi lozim. Rasm qog‘ozlarniki esa bundan ham yuqori bo‘ladi. Shuningdek, ranglardan ham foydalanishda bolaning ko‘zini charchatmaydigan, uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan me’yorlarga jiddiy e’tibor beriladi. Bozorda urchiyotgan nostandart mahsulotlarning sifati bu ko‘rsatkichlardan ancha past. Shuning uchun ularning mahsuloti arzon. Buning oqibatida qonuniy faoliyat olib borayotgan matbaa korxonalari va savdo shaxobchalari iqtisodiy zarar ko‘rayotgani ham sir emas...
Huquq va burch
Qonunda kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, tarqatish va sotish bilan shug‘ullanganlar uchun jazo muqarrar. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 165-moddasiga ko‘ra, lisenziya olinishi yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan lisenziyasiz yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanganlik uchun fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima belgilangan. Bu hali hammasi emas.
O‘zbekiston Respublikasi «Jinoyat kodeksi»ning 190-moddasi 2-qismi «a» va «v» bandlariga ko‘ra, lisenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullanish juda ko‘p miqdorda va bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari bilan jazolanadi.
Aytish kerakki, bugun tadbirkorlik — davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ularning faoliyatiga aralashish, turli tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlangan. Ammo bu ishonch, imkoniyat va imtiyozlarni suiiste’mol qilib, amaldagi qonunlarni oyoqosti qilish mumkin degani emas-ku!
Darvoqe, biz boshqa tumanlar – Qibray, Yangiyo‘l, Chinoz, Parkent va Chirchiqqa ham bordik. Ko‘rdik. O‘rgandik. Ammo ularda ham vaziyat bir xilligi uchun to‘xtalib o‘tirmadik. Chunki «Ilm shu’lasi» nafaqat viloyatimiz tumanlari, balki respublikamizning ko‘plab viloyatlarini ham o‘quv qurollari bilan ta’minlagandan keyin…
Lo‘nda aytganda, bu holatda ilm shu’lasi emas, jaholat zulmati tobora kengroq yoyilib bormayaptimi?..
Siz nima deysiz?
Erali Norbekov,
«Toshkent haqiqati» muxbiri