Suriya xavfsizlik kuchlari Damashqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning tashrifi vaqtida sodir bo‘lgan portlashlar va so‘nggi kunlardagi boshqa hujumlarga aloqador gumonlanuvchilarni qo‘lga oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari Damashq va uning atrofidagi hududlarda maxsus reydlar o‘tkazib, portlashlarni sodir etgan guruh a’zolarini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Damashq viloyati qishloq hududlari Ichki xavfsizlik kuchlari qo‘mondoni Ahmad al-Dalatining aytishicha, gumondorlar ISHID terrorchilik guruhi bilan aloqador bo‘lgan. Unga ko‘ra, tergov davomida kuzatuv kameralaridagi tasvirlar o‘rganilib, avval gumondorlardan biri aniqlangan. So‘ngra uning ortidan kuzatuv olib borilib, guruhning qolgan a’zolari ham fosh etilgan.
Suriya rasmiylari portlashlar ortida aynan ISHID turganini bildirgan bo‘lsa-da, terrorchi guruh hozircha hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Eslatib o‘tamiz, 7 iyul kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Suriyaga tashrifi vaqtida Damashqda axlat qutisi va avtomobilga joylashtirilgan portlovchi qurilmalar portlagan edi. Hodisa vaqtida Makron prezident saroyida bo‘lgani sabab unga zarar yetmagan va u Ahmad ash-Shara bilan rejalashtirilgan uchrashuvni davom ettirgandi. Portdash oqibatda bir kishi halok bo‘lgan, 36 kishi jarohat olgan.