2025 yil 15 oktyabr kuni Turkmanistonning Ashxobod shahridagi Mahtimg‘ulӣ nomidagi Turkman davlat universitetida Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan Mahtimg‘uli Pirag‘ining “Men oshiqman” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir “Mahmud Qoshg‘ariyning ‘Devonu lo‘g‘otit turk’ asarida tinchlik va ishonchning o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida tashkil etildi. Konferensiya Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi, Turkmanistonning YUNESKO bo‘yicha milliy komissiyasi hamda Turkmaniston fanlar akademiyasi tomonidan o‘tkazildi.
Jamg‘arma prezidenti xonim Aqtotӣ Raimqulova nomidan so‘zga chiqqan Jamg‘arma loyihalar menejeri Leyla Hasanova o‘z nutqida shunday ta’kidladi:
“Mahtimg‘uli Pirag‘iy Turkman adabiyotining buyuk klassigi bo‘lish bilan birga, turkiy dunyoning ma’naviy birligi va umumiy qadriyatlarining timsolidadir. YUNESKOning 2024–2025 yillar uchun yubiley tadbirlari kalendariga Mahtimg‘ulӣ Pirag‘ining 300 yilligi kiritilgani, shoir merosiga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromning yorqin dalilidir. Bundan tashqari, shoir qo‘lyozmalarining YUNESKOning ‘Jahon xotirasi’ reestriga kiritilishi uning ijodiy merosi butun insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi.”
Taqdimotda, shuningdek, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti “Ilmiy nashrlar” bo‘limi mudiri Tohfa Tolibova (onlayn tarzda), Ozarbayjon Respublikasining Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gismet Gozalov, hamda Mahtimg‘ulӣ nomidagi Til, adabiyot va milliy qo‘lyozmalar instituti bosh direktori Dovud Orazsahedov ishtirok etdilar.
Ular o‘z chiqishlarida Mahtimg‘ulӣ Pirag‘ining ijodiy merosi o‘z davrining ramzigagina emas, balki butun turkiy dunyo uchun ma’naviy va adabiy timsolga aylangani, uning asarlari insonparvarlik, vatanparvarlik, adolat va birlikka da’vat kabi umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘layotganini ta’kidladilar.
Tadbirda Turkmanistonning madaniy va ilmiy muassasalari vakillari, Mahtimg‘ulӣ nomidagi Turkman davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, Turkmanistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.