Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Isroil va AQShning iyun oyidagi harbiy hujumlaridan keyin Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zahiralarini tekshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelganini xabar qildi.
Reuters agentligiga ko‘ra, tekshiruvlar faqat hujumlardan zarar ko‘rmagan ob’ektlarda o‘tkazilgan, Eron esa zarar ko‘rgan ob’ektlarga kirishni ta’minlamagan.
Agentlikning a’zo davlatlarga yo‘llagan maxfiy hisobotiga ko‘ra, boyitilgan uran zahiralarini inventarizasiya qilish "muddati ancha o‘tib ketgan". MAGATEning qayd etishicha, o‘z qoidalari har oyda 60 foizgacha boyitilgan uran zaxiralarini tekshirishni talab qiladi, bu esa qurol darajasiga yaqin (taxminan 90 foiz).
Agentlik zarar ko‘rgan joylardagi zahiralar holatini tekshira olmagani haqida ogohlantirdi va bu masalani “zudlik bilan hal qilish” kerakligini ta’kidladi.
MAGATE hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron harbiy hujumlar oldidan 440,9 kg yuqori darajada boyitilgan uran geksaftorid ko‘rinishida saqlagan. Agentlik mezonlariga ko‘ra, bu miqdor o‘ntagacha yadroviy bomba ishlab chiqarish uchun yetarli.
Boyitilgan uranning bir qismi hujumlarda yo‘q qilingan bo‘lsa-da, manbalarning ta’kidlashicha, zahiraning katta qismi Isfahondagi chuqur ko‘milgan ob’ektda saqlangan, uning kirish tunnellari hujumga uchragan, biroq zarar unchalik katta bo‘lmagan ko‘rinadi.