Bugun 13 yanvar, 2026 yil, seshanba

КИР

Madrimov, G‘iyosov va Ahmadaliyev dunyoning eng yaxshi bokschilari qatorida — ESPN

Madrimov, G‘iyosov va Ahmadaliyev dunyoning eng yaxshi bokschilari qatorida — ESPN

Amerikaning ESPN portali professional boks bo‘yicha barcha vazn toifalarining yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschilar — Isroil Madrimov, Shahram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliyev o‘z vazn toifalarida kuchli o‘nlikdan joy olgan.

Birinchi yarim yengil vazn:

Murodjon Ahmadaliyev (14-2) — 3-o‘rin

30 yoshli Ahmadaliyev 2025 yilning 14 sentyabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahrida bo‘lib o‘tgan jangda Naoya Inoue bilan to‘qnash keldi. Mutlaq Jahon chempionligi uchun kechgan bahsda o‘zbekistonlik sportchi hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy bergan.

Yarim o‘rta vazn:

Shahram G‘iyosov (17-0) — 6-o‘rin

G‘iyosov 2025 yilning 13 aprel kuni argentinalik Franko Maksimiliano Okampoga qarshi ringga ko‘tarilgan va 4-raundda raqibini nokautga uchratgan edi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi navbatdagi jangini yarim o‘rta vazn toifasida WBA (Jahon boks assosiasiyasi) chempionlik kamari sohibi Rolando Romeroga qarshi o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Super yarim o‘rta vazn:

Isroil Madrimov (10-2) — 5-o‘rin

Madrimov so‘nggi bor 2025 yilning 23 fevral kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan professional boks oqshomi doirasida super yarim o‘rta vazn toifasida WBC Interim chempioni amerikalik Verjil Ortis Juniorga qarshi ringga chiqib, hakamlar qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy bergan edi.

O‘zbekistonlik sobiq Jahon chempioni navbatdagi jangini 2026 yil 25 yanvar kuni AQShning Las Vegas shahrida joylashgan “Fontainebleau” majmuasida tashkil etiladigan boks oqshomida Dominikan Respublikasi vakili Luis David Salazarga qarshi o‘tkazadi.

Shuningdek, Oleksandr Usik (Ukraina), Naoya Inoue (Yaponiya), Dmitri Bivol (Rossiya), Saul Alvares (Meksika), Verjil Ortis, Devin Heyni, Teofimo Lopes va Shakur Stivenson (barchasi AQSh) o‘z vazn toifalarida 1-o‘rinni egallagan.

Kiritildi: Bugun 09:47. O'qildi: 195 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!