Madagaskarda yuz bergan namoyishlar paytida mamlakatdan qochib ketgan sobiq prezident Andri Rajoelina fuqarolikdan mahrum etildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Yangi bosh vazir Herinsalama Rajaoanarivelo imzolagan farmonga ko‘ra, chet el fuqaroligini olgan shaxslar Madagaskar fuqaroligidan ayriladi. 51 yoshli Rajoelina bundan o‘n yil avval Fransiya fuqaroligini olgan. Shu sababli uni 2023 yilgi prezidentlik saylovlaridan chetlatish so‘ralgan. Biroq u bu chaqiriqlarga bo‘ysunmadi va yakunda g‘alaba qozondi.
So‘nggi haftalarda Madagaskarda elektr va suv ta’minotidagi uzilishlar sababli ommaviy norozilik namoyishlari kuchaydi. Polkovnik Maykl Randrianirina boshchiligida harbiylar hokimiyatni egallab oldi. Rajoelina esa xavfsizligi uchun mamlakatdan qochib ketganini aytdi, biroq uning qayerdaligi hozircha noma’lum.
Siyosatchi Madagaskardagi so‘nggi prezidentlik saylovlaridan bir necha oy oldin fransuz fuqaroligiga ega ekanini oshkor qilgandi. Rajoelina bu qarorni farzandlarining Fransiyada o‘qishini osonlashtirish maqsadida sir tutganini aytgan.
So‘nggi haftalarda Rajoelina avval energetika vazirini, keyin butun hukumatni iste’foga chiqardi, ammo bu chora ham uning iste’fosi haqidagi talablarni to‘xtata olmadi.