Putin Trampning ukrainalik harbiylarni avf etish iltimosiga javob berdi.
Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin AQSh Prezidenti Donald Trampning Kursk viloyatidagi Ukraina Qurolli Kuchlari guruhini "to‘liq avf etish" haqidagi iltimosiga javob qaytardi. Rossiya rahbari, agar Ukraina qo‘shinlari qurollarini topshirsa, ularga hayot kafolati va munosib muomala ta’minlanishini bildirdi.
"Biz AQSh Prezidenti janob Trampning bugungi murojaatini ko‘rib chiqdik. Unda u Kursk viloyatiga kirib kelgan va Rossiya qo‘shinlari tomonidan qurshab olingan Ukraina armiyasi harbiylarining hayotini saqlab qolishni so‘ragan," dedi Prezident.
"Shu munosabat bilan, Ukraina harbiylari bostirib kirgan hududda tinch aholiga qarshi ko‘plab jinoyatlar sodir etganini ta’kidlab o‘tamiz. Bu harakatlar, avval aytganimdek, Bosh prokuratura tomonidan terrorizm sifatida baholanmoqda," deya eslatib o‘tdi u.
Shu bilan birga, Putin "Prezident Trampning ushbu harbiy xizmatchilarga nisbatan insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashish chaqirig‘ini tushunish bilan qabul qilayotganini" ta’kidladi. "Shu munosabat bilan ta’kidlab o‘tmoqchimanki, qurollarini topshirib, asirga tushgan taqdirda, ularning hayoti va munosib muomala kafolatlanadi," deya qo‘shimcha qildi u.
"AQSh prezidentining chaqirig‘ini samarali amalga oshirish uchun Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati o‘z harbiy bo‘linmalariga qurollarni tashlab, asirga tushish to‘g‘risida tegishli buyruq berishi zarur," deya yakunladi u.