Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

Lukashenko Belarusda ko‘p pul topmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga Rossiyaga borishni maslahat berdi

Lukashenko Belarusda ko‘p pul topmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga Rossiyaga borishni maslahat berdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilish masalasiga to‘xtalib, mamlakatga kelayotgan mehnat muhojirlari maqsadi faqat yuqori daromad topish emas, balki qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash bo‘lishi kerakligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish, jumladan, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish uchun o‘zbekistonlik ishchilarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan, katta maosh olish uchun emas.

"Agar bu yerga kimlardir 5000 dollarlab oylik olish uchun kelmoqchi bo‘lsa, yaxshisi Rossiyaga borsin", degan u.

Lukashenko iyul oyi boshida Minskda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazgani va o‘shanda o‘zbekistonliklarni Belarusda yashash hamda ishlashga taklif qilganini eslatdi.

Shundan keyin Andijon viloyatidan 250 nafardan ortiq fuqaro qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida vaqtinchalik ishlash uchun Belarusga borgan. Biroq, ular taklif qilingan ish haqi — oyiga taxminan 500 dollar miqdoridagi maoshdan noroziligini bildirgan. Mehnat muhojirlari bunday daromadni O‘zbekistonda ham topish mumkinligini aytgan.

Belarus prezidenti esa, mamlakatga bir necha ming dollar ishlab topish maqsadida kelmoqchi bo‘lganlar Rossiyada ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarusga kelayotgan ishchilar asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Lukashenko xorijiy ishchilarga mamlakat fuqarolari kabi ijtimoiy xizmatlar va kafolatlar taqdim etilishini ham ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, maoshlar va ishlash sharoitidan shikoyat qilib videmurojat yo‘llagan yurtdoshimiz video tarqalganidan bir necha soatlar o‘tib, u video eski ekani, hozir vaziyat unday emasligi, hammasi juda yaxshiligini ta’kidlab, qayta video chiqargan edi.

Kiritildi: 15:00 22.07.2026. O'qildi: 1359 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!