Bugun 21 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Los-Anjelesdagi namoyishlarda O‘zbekiston fuqarolari qatnashyaptimi?

Los-Anjelesdagi namoyishlarda O‘zbekiston fuqarolari qatnashyaptimi?

Los-Anjelesda uch kundan beri AQSh prezidenti Donald Trampning immigrasiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda.

AQSh Immigrasiya va bojxona xizmati xodimlarining Los-Anjelesdagi noqonuniy xorijliklarni aniqlash maqsadida o‘tkazgan reydi namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan.

O‘tkazilgan reydlardan norozi bo‘lgan minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, muhojirlar huquqlarini hurmat qilishni talab qilgan. 7 iyun, shanba kuni norozilik namoyishlari kengroq tus olib, polisiya xodimlari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Milliy gvardiya namoyishchilar bilan to‘qnashuvda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va granatalardan foydalangan edi.

Namoyishchilar, asosan tinch muhojirlarga qarshi reydlarni to‘xtatish, immigrasiya tizimini isloh qilish va inson huquqlarini hurmat qilishni talab qilishmoqda. Vaziyat nazoratdan chiqib ketishi ehtimoli ham yuqori baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Los-Anjelesga Milliy gvardiyaning 2 ming askari yuborilmoqda. Kaliforniya gubernatori Milliy gvardiyani joylashtirish qarorini shtat suveren huquqlarining buzilishi deb atadi. Ayrim manbalar, xususan, CNN AQSh dengiz piyodalari korpusi bo‘linmalari Los-Anjelesga joylashtirilishga tayyorligi haqida xabar bergan.

Mazkur holat bo‘yicha «Xabar.uz» O‘zbekiston TIV rasmiysi bilan bog‘landi va AQShning namoyishlar bo‘lib o‘tayotgan hududlaridagi o‘zbekistonliklar haqida ayrim savollariga javob oldi.

«Hozirda mazkur namoyishlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etgani to‘g‘risida hech qanday rasmiy tasdiqlangan ma’lumot kelib tushmadi.

Shu bilan birga, AQShdagi barcha yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin bo‘lgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi. Zarur hollarda fuqarolarimiz AQShdagi Elchixonamiz va Bosh konsulxonalarimizga murojaat qilishlari mumkin», – deydi TIV matbuot kotibi Ahror Burxanov.

Kiritildi: 17:09 09.06.2025. O'qildi: 1243 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!