Logistikadagi uzilishlar oqibatida birinchi chorakda qoramol importi 2 karra kamaydi. Bunga tezkor yechim topilib, samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha, go‘sht importida transport xarajatining yarmini qoplash yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlarimiz uchun muqobil transport koridorlarini ham ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu orqali ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga qayerda to‘siq bo‘lsa, qayerda yuk to‘xtab qolsa, tadbirkorlar masala ko‘tarishini kutmasdan, onlayn monitoring orqali operativ yechim qilib berish topshirildi.
Hududlarda 478 ming gektarda ozuqa ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Lekin Namanganda ozuqa yerining 74 foiziga haligacha ekin ekilmagani, chorvada imkoniyat katta bo‘lgan Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dodda ham ishlar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyat hokimlariga qoloqliklarni bartaraf etish topshirildi.
Yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish belgilangan. Har bir kun g‘animatligi, bu yerlarni tez-tez auksionga chiqarib, ekin ekish zarurligi qayd etildi.
Sanoat plantasiyasi tashkil qiladigan tadbirkorlarga katta imtiyoz va moliyaviy resurslar berilmoqda. Viloyat hokimlariga bu yil kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantasiyasini namunali qilib tashkil etish topshirildi.