Ukraina frontda Rossiya armiyasi uchun texnologik «syurpriz» tayyorlamoqda, muvaffaqiyatli muzokaralar esa faqatgina Ukraina Qurolli Kuchlarining kuchli pozisiyasi sharoitidagina mumkin bo‘ladi. Bu haqda Kiyev xavfsizlik forumi vaqtida Ukraina Prezidenti Ofisi rahbari Kirill Budanov ma’lum qildi.
Budanovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda urush shunday bosqichga o‘tdiki, unda dronlar sonini shunchaki oshirish sezilarli natija bermayapti. Har ikki tomon mavjud dronlarni boshqarish texnologiyalaridan foydalanishda o‘z chegarasiga yetib kelgan.
Zelenskiy Ofisi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina uchun navbatdagi qadam — sun’iy intellektning to‘liq integrasiyasi bo‘ladi, bu esa avtonom jangovar tizimlarni yaratish imkonini beradi.
«Bizga nishonlarni mustaqil ravishda aniqlay oladigan va manevr qiladigan avtonom tizimlarga o‘tish kerak. Ukrainada bu borada ishlanmalar mavjud va ishonchim komilki, tez orada ular dushman uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.
Budanov Ukraina milliy manfaatlarga mos kelmaydigan hududiy yon berishlar yoki kelishuvlarga bormasligiga ishontirdi.
Bundan tashqari, u Ukrainaning «neft sanksiyalari» (Ukraina armiyasining Rossiya neft ob’ektlariga bergan zarbalari nazarda tutilmoqda) muvaffaqiyatli ishlayotganini qayd etdi. Uning fikricha, bu nafaqat Rossiya resurslarini tugatadi, balki uning dunyodagi ishonchli energiya yetkazib beruvchisi sifatidagi imijini butkul yo‘qqa chiqaradi.