2025 yil 8 may, payshanba kuni Litva Seymi piyodalarga qarshi minalardan foydalanish, ishlab chiqarish va zaxiralashni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishni yoqlab ovoz berdi, deb xabar beradi Anadolu.
Qarorni 107 deputat qo‘llab-quvvatladi, 3 nafari betaraf qoldi. Konvensiyadan chiqish haqidagi qaror olti oydan keyin kuchga kiradi.
Mudofaa vazirligi bu qarorni mart oyida e’lon qilgan edi. Vazirlik bu qadamni xavfsizlik vaziyatining o‘zgarishi bilan izohladi.
Vazirlikka ko‘ra, piyodalarga qarshi minalardan voz kechish mamlakat mudofaa qobiliyatini cheklaydi.
Mudofaa vazirligi konvensiyadan chiqish Litva hududini himoya qilish choralari samaradorligini oshiradi, deb hisoblaydi.
Polsha, Estoniya, Latviya va Finlyandiya Litvaning rejalari haqida oldindan xabardor qilingan. Keyinchalik bu davlatlar ham kelishuvdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Litva Ottava konvensiyasini 2003 yilda ratifikasiya qilgan.
Ushbu hujjat piyodalarga qarshi minalardan foydalanish, ishlab chiqarish, to‘plash va o‘tkazishni taqiqlaydi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 32 davlati, jumladan, Rossiya, AQSh va Xitoy bu kelishuvda ishtirok etmayapti.
Aprel oyi oxirida Latviya prezidenti Edgar Rinkevich o‘z mamlakatini konvensiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.