Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Afg‘oniston va uning qo‘shni davlatlari hududida uchinchi mamlakatlar harbiy infratuzilmasini joylashtirish mutlaqo maqbul emas.
Bu haqda u Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formati doirasidagi VII maslahatlashuvlar yig‘ilishida ma’lum qildi:
«Afg‘oniston va uning qo‘shnilarida uchinchi mamlakatlarning harbiy infratuzilmasini joylashtirishga hech qanday bahona bilan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi kuchlarning harbiy ishtirok etishi mintaqa uchun xatarli bo‘lib, yangi mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin. Afg‘oniston tarixi bir necha bor buning oqibatlarini ko‘rsatgan.
Lavrov Afg‘oniston hukumatiga terrorchilikka qarshi kurashdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Xususan, «DAISh»ning mahalliy bo‘limiga qarshi kurashda yuzlab terroristlar yo‘q qilinganini ta’kidladi.
Shuningdek, u afg‘on hukumatining giyohvand moddalarga qarshi kurashidagi muvaffaqiyatlarini alohida qayd etdi — 2022 yildan buyon opiy makki yetishtirish va ishlab chiqarish 90% ga qisqargan.
Lavrov, shuningdek, G‘arb davlatlarini Afg‘onistonga nisbatan dushmanona siyosatdan voz kechib, ushbu mamlakatning muzlatilgan aktivlarini qaytarishga va uni tiklash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga chaqirdi.