Kuzatuv kameralari Yaqin Sharq mintaqasida josuslardan ham samaraliroq razvedka vositasiga aylanmoqda — The Wall Street Journal.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab internetga ulangan qariyb 1,2 mlrd kuzatuv kamerasi harbiy razvedka uchun ma’lumot manbaiga aylanishi mumkin. Hakerlar ushbu qurilmalarga buzib kirish orqali strategik obektlar va raqib qo‘shinlarining harakatlarini kuzatishi mumkin.
Recorded Future kompaniyasining milliy xavfsizlik bo‘yicha eksperti Aleksandr Lesli bu jarayonni urush davrida fuqarolik kuzatuv tizimlarining razvedka vositasiga aylanishi sifatida ta’riflagan.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil fevral oyida Eronning sobiq oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy o‘ldirilishi bilan yakunlangan amaliyotdn oldin Eronning yo‘l harakatini kuzatuvchi kameralariga buzib kirib, razvedka ma’lumotlarini to‘plagan.
Eronga aloqador guruhlar ham Isroildagi kuzatuv kameralariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Isroil Milliy kiberdirektorati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda Tehron bilan aloqador guruhlar milliy xavfsizlik uchun alohida xavf tug‘dirgan 250 dan ortiq kamerani buzib kirgan. Ular orasida avtomobil raqamlarini tanib oluvchi tizimlar, strategik ob’ektlar va harbiy xizmatchilar to‘planadigan joylar yaqinidagi kameralar ham bo‘lgan.
Buzib kirilgan kameralar ilgari havo razvedkasi yoki yer ustidagi agentlar yordamida bajarilgan vazifalarni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Jumladan, ular nishonlarni aniqlash, zarbalar oqibatlarini baholash va boshqa harbiy ma’lumotlarni yig‘ishda qo‘l keladi.
Bunday qurilmalar tahlilchilarga kuzatilayotgan ob’ektlarga yaqinroq nuqtadan ma’lumot olish imkonini beradi. Shu bilan birga, to‘g‘ri joylashtirilgan kameraga masofadan kirish maxfiy agentni raqib hududiga yuborishga qaraganda kamroq xavf tug‘dirishi mumkin.
Kuzatuv kameralari nafaqat razvedka, balki axborot-psixologik ta’sir vositasi sifatida ham ishlatilmoqda. Hakerlik guruhlari qo‘lga kiritilgan videoyozuvlarni e’lon qilib, raqibni kuzatish imkoniyatlarini namoyish etadi va unga ruhiy bosim o‘tkazishga urinadi.