Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Ko‘z tagidagi "doira"larni yo‘qotishning shar’iy hukmi qanday?

Ko‘z tagidagi "doira"larni yo‘qotishning shar’iy hukmi qanday?

Savol: Assalomu alaykum, hurmatli ustoz, so‘nggi yillarda tibbiyot rivojlanishi naijasida "blefaroplastika" deb ataladigan jarrohlik amaliyoti keng qo‘llanilmoqda. Ushbu turdagi jarrrohlik amaliyoti bo‘yicha dinimiz ko‘rsatmasi qanday?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Va alaykum assalom va rahmatullohi va barakatuhu. Islom dini shifo beruvchi yolg‘iz Alloh taolo ekanligini unutmagan holda bemorlarga yetgan kasalliklardan davolanishga ruxsat beradi. Shuningdek, insonga bir qator noqulayliklar keltirib chiqaruvchi holatlarga sabab bo‘luvchi, ayniqsa, insonning eng muhim a’zolaridan bo‘lgan ko‘zning ochilishi qiyinlashayotganligi sababli amalga oshiriladigan tepa qovoq plastikasi muolajasi (blefaroplastika) dinimizda ruxsat etilgan jarrohlik amaliyoti turlaridan hisoblanadi.

Islom insonni o‘z jonini qiynamaslikka buyuradi. Zero, undagi har bir a’zo Alloh tomonidan berilgan omonatdir.

Bu turdagi kasalliklar inson hayoti davomida orttirilgan bo‘lib, bunday nuqsonlarni ketkazish va davolash Alloh bergan xilqatni o‘zartirishga kirmaydi. Balki bu bugungi kunda tibbiyot sohasida erishgan yutuqlar tufayli paydo bo‘ldi. Binobarin, jarrohlik amaliyoti qilinib teri ichidagi yog‘ qatlamini (grijani) olib tashlab, ortiqcha terini kesib tashlash a’zolarning asl holiga keltirishdan iborat amaliyot bo‘lib, Alloh taoloning quyidagi so‘ziga muvofiq keladi:

﴿لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي أَحْسَنِ تَقْوِيمٍ﴾

“Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat (shaklda) yaratdik” (Tin surasi, 4-oyat).

Bundan tashqari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Arfaja ibn As’ad roziyallohu anhuning urushda burni kesilib ketganida kumushdan, kumush mos kelmagach tilladan burun qilib olishga ruxsat berganlar (Imom Termiziy rivoyat).

Ushbu dalil va misollarning barchasini hisobga olib, paydo bo‘lgan shishlarni kamaytirish yoki to‘liq bartaraf qilish va ko‘zni yaxshi ochilishi maqsadida qilingan amaliyot shar’an joiz bo‘ladi. Ayni vaqtda mazkur amaliyotni bezarar qovoqlarni kichraytirish, ya’ni tashqi ko‘rinishni o‘zgartirish uchun qilinsa, Alloh taoloning quyidagi so‘ziga binoan harom qilingan amaliyotlar sirasiga kirib qoladi:

﴿وَلَآَمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ وَمَنْ يَتَّخِذِ الشَّيْطَانَ وَلِيًّا مِنْ دُونِ اللَّهِ فَقَدْ خَسِرَ خُسْرَانًا مُبِينًا﴾

"(Shayton aytdi:) “Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini o‘zgartiradilar”. Kimki Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi” (Niso surasi, 119-oyat). Vallohu a’lam.

Saidjamol MASAYITOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo‘limi mudiri o‘rinbosari

Kiritildi: 21:30 17.01.2021. O'qildi: 3241 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!