Isroil moliya vaziri, o‘ta o‘ngchi siyosatchi Besalel Smotrich AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridan falastinliklarni boshqa davlatlarga “ixtiyoriy ravishda ko‘chirish” rejasini amalga oshirish bilan tahdid qildi.
U Falastinning XAMAS harakati vaqtinchalik sulhni rad etib, doimiy sulh talab qilganidan keyin bayonot berdi.
Diniy sionizm partiyasi rahbari Smotrich X ijtimoiy tarmog‘ida Isroil o‘zining barcha urush maqsadlariga erishmaguncha harbiy harakatlarni to‘xtatmasligini yozdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, XAMAS yo‘q qilinmaguncha va barcha isroillik mahbuslar uylariga qaytmaguncha operasiya yakunlanmaydi.
Trampning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Smotrich "Hamasga do‘zax eshiklarini ochish"ga chaqirdi va Bosh vazir Benyamin Netanyaxuga "ixtiyoriy migrasiya" sifatida taqdim etilgan falastinliklarni deportasiya qilish rejasini amalga oshirishni taklif qildi.
Yedioth Ahronoth gazetasiga ko‘ra, Isroilning o‘ta o‘ng qanot vazirlar mahkamasining yana bir a’zosi, Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham Isroilda endi “o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish” imkoni borligini aytib, hammasi Netanyaxuning qaroriga bog‘liqligini qo‘shimcha qildi.