Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Ko‘rinmas fojia ostonasidamiz: maktab o‘quvchilari Amir, Nihon, Tohir kabi "qahramonlar"iga xat yozmoqda (foto)

Ko‘rinmas fojia ostonasidamiz: maktab o‘quvchilari Amir, Nihon, Tohir kabi "qahramonlar"iga xat yozmoqda (foto)

Bugun xususiy va davlat telekanallaridan namoyish qilinayotgan turk seriallari ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘layapti. Hamma o‘z dunyosidan kelib chiqib mulohaza bildiryapti. Va hamma o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib haq.

Seriallar odamlarga ta’sir qilish-qilmasligi bu mutlaqo boshqa masala. Tan olishimiz kerak, bizning avlod Meksika va Koreya seriallariga termulib ulg‘aygan. Ta’siriga kelsak, oila muhiti, tarbiya va shu kabi boshqa omillar bizni asragan bo‘lishi mumkin. Biroq bugun bizniki kabi begona erkak tugul, begona ayolga duch kelganida ro‘moli bilan yuzini yopadigan momolar, darvozadan ichkariga kirayotganda tomoq qirib xonadon ayollariga erkak kishi kelayotganiga ishora beradigan bobolar yo‘q. Bugunning otalari xorijda ishlayapti, bobolar kirakashlik qiladi, uyda o‘tirganiyam allaqachon xotinning ta’siriga tushib qolgan, o‘zi ham uydagi ayollar bilan qo‘shilib serial ko‘radi. Bugunning buvilari go‘zallik salonlariga borib sochini turmaklatib, tirnog‘ini bo‘yatib gap-gashtaklardan beri kelmaydi. Gap gashtakdan bo‘shaganlari ham serial ko‘rib, telefon o‘ynashdan beri kelmaydi. Xullas, demoqchi bo‘lganim, siz bolangizdan Sening qahramoning kim? deb so‘raganmisiz?

Men ayni mavzuda beshinchi sinf o‘quvchilaridan ijodiy insho olgandim. O‘quvchilarimning sevimli qahramonlari serial qahramonligini bilib hangu mang bo‘lib qoldim. Tohir Kaleli, Nafas, Yigit, Amir Kozjuo‘g‘li, Nihon, Kamol va hokazolarning nomini o‘qib o‘quvchilarimga nima deyishni bilmadim. Kim aybdor? Hammamiz yoppasiga telekanallarni ayblaymiz. Balki ular ham qisman aybdordir. Lekin asosiy aybdor o‘zimiz ota-onalar emasmizmi? Farzandimiz bilan dars tayyorlash, kitob o‘qish, kitob qahramonlari haqida gaplashish o‘rniga uzzukun televizorga mo‘ltiraganimiz yetmaganday, kechqurun ham serial tomosha qilamiz. Yonginamizda esa bolalarimiz bizga qo‘shilib serial qahramonlari bilan birga yashayapti. Bolangiz Amirni, Tohirni, Nihonni qahramon deb bilsa, siz o‘zingizdan o‘pkalang, muhtaram ota-ona! Farzandingiz uchun havas qilarli qahramon bo‘lolmayotganingizdan xafa bo‘ling. Dilbandingiz sizga emas, alalkimlar pul uchun o‘ylab topgan aslida yo‘q odamlarga talpinib o‘sayotganidan o‘kining!

Yuragingiz zirqirrasin, ko‘nglingiz uvishsin, bolangiz o‘rnakni sizdan emas, serial qahramonlaridan olyapti...

Manzur RAHIMOVA, o‘qituvchi

Kiritildi: 17:52 09.02.2019. O'qildi: 8530 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!