Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Kun mavzusi: Komil Allamjonovning rasmiy bayonoti so‘z erkinligini cheklash sifatida baholanmoqda

Kun mavzusi: Komil Allamjonovning rasmiy bayonoti so‘z erkinligini cheklash sifatida baholanmoqda

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov tashkilot xodimlari bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z erkinligi va uning mas’uliyati haqida so‘zlagan. Allamjonov ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan post mualliflari izohlar uchun ham javob berishini aytdi, deb yozmoqda To‘g‘ri.uz nashri.

O‘zbekiston Prezidenti administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov rasmiy bayonot bilan chiqdi. Agentlik rahbari veb-resurs egasi Internet tarmog‘iga axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligini aniqlagan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shartligini ma’lum qilgan.

Rasmiy bayonot so‘ngida u post ostidagi izohlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan:

“Bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messendjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlarda yuqoridagi talabga rioya qilishlari, balki ular ostidagi fuqarolar feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz.

Sizdan faqatgina qonunchilikdan kelib chiqqan holda bunday ma’lumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifangiz ostida yozilgan bo‘lsa uni zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish so‘ralmoqda”.

Blogerlar nima deydi?

Rasmiy bayonotga ayrim blogerlar o‘z munosabatini bildirib chiqqan.

Xususan, Nurbek Alimov Telegram kanalida shunday yozadi:

“Mening postim ostida yozilgan kommentariylar uchun men emas, o‘sha kommentariyni yozgan odam javobgar. Post uchun esa men javobgar. Keyin qonunda xech qachon kommentlarni zudlik bilan o‘chirib tashlash haqida gap yo‘q. Misol uchun, Toshmat bloger yozgan post ostida Eshmat birorta G‘ishmat haqida "uni noqonuniy shuncha boyligi bor" deb gapirsa yoki haqorat qilsa, men u kommentariyni o‘chirmayman, maksimum qo‘limdan keladigani birovni haqorat qilmaslik bo‘yicha maslahat va tavsiya berishim va bunga qonunda jazo borligini eslatib o‘tishim mumkin xolos".

Bloger Feruzxon Yoqubxo‘jayev esa videomurojaat bilan chiqqan, u ikki oylik liberalizm va so‘z erkinligi tantanasi, demokratiya va hokazolar uchun minnatdorlik bildirishini aytgan:

“Bunday so‘z erkinligining bunday yuksak darajasida men yaxshisi shahar tarixi yoki fransuzlar qanday yashayotgani haqida, yurtimizning go‘zal tabiati haqida hikoya qilaman. Menimcha bu to‘g‘riroq va xavfsizroq bo‘lardi. Hammasi o‘z o‘rnida bo‘lar edi…

Ozodlik tantanasidan endi mantiq tantanasi tomoniga harakatlanamiz. U yoqda g‘alaba qilgandik, bu yerda ham yutamiz”.

Yana bir bloger Nozimjon Safarov ushbu bayonotni so‘z erkinligini cheklash sifatida baholamoqda. 

"Ushbu bayonotning g‘alatiligi, mantiqsizligi va kulguliligini chetga surib qo‘ygan holda aytish joizki, bu so‘z erkinligini cheklashga harakat sifatida baholanyapti. Bugun ko‘pchilik ushbu "skazochniy" bayonotdan norozi bo‘lishmoqda. Ularning noroziligida jon bor. Axborot sohasi bo‘yicha vakolatli organ jamoatchilikka "faqat yaxshi yoki neytral komment yozlaring" deya bergan signali orqaga katta qadam. Feruzxon to‘g‘ri aytayapti (https://youtu.be/ZG0zoIayFpU) - noo‘rin fikrlashni ham taqiqlash kerak". 
 

Kiritildi: 13:10 14.08.2019. O'qildi: 1797 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!