Portugaliya terma jamoasi va “An-Nassr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu professional faoliyati davomida 14-marta bir kalendar yilida 40 tadan ortiq gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 2025 yil 27 dekabr kuni portugaliyalik futbolchi Saudiya Arabistoni chempionatining 11-turi doirasida “Al-Ohdud” jamoasiga qarshi bahsda (3:0) dubl qayd etdi.
Shu kabi natijaga Ronaldu 2010–2018-yillar, shuningdek 2020, 2021, 2023 va 2024-yillarda ham erishgan. Portugaliyalik futbolchining eng yaxshi ko‘rsatkichi 2013-yilda qayd etilgan. O‘shanda Ronaldu bir yil davomida 69 ta gol urgan.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu futbolchilik faoliyati davomida 1300 ta uchrashuvda maydonga tushib, 956 ta gol va 260 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Portugaliya terma jamoasi sardori Saudiya Pro ligasining joriy mavsumida 12 ta gol kiritgan va to‘purarlar poygasida jamoadoshi Joau Feliks bilan peshqadamlik qilmoqda.
Shuningdek, FIFA Arab kubogi musobaqasi sababli Saudiya Pro ligasining 10-tur uchrashuvlari 2026 yil fevral oyida o‘tkaziladi. “An-Nassr” 10 ta uchrashuvdan so‘ng 30 ochko jamg‘argan holda Saudiya Pro ligasida yetakchilik qilmoqda. Jamoa eng yaqin ta’qibchi — “Al-Hilol”dan 4 ochkoga oldinda bormoqda.