Pokiston harbiy razvedkasi Afg‘oniston va Pokiston chegarasida ISHID-Xuroson guruhining muhim a’zosi va matbuot kotibi Sulton Aziz Azzamni qo‘lga oldi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.
18 dekabr kuni ma’lum qilinishicha, operasiya aslida bir necha oy avval, ya’ni, may oyida o‘tkazilgan. Azzam Pokiston hududiga kirib kelayotgan vaqtda ushlangan. Pokiston hukumati ushbu hibs haqida BMT Xavfsizlik kengashini xabardor qilgan va bu ma’lumot kengashning yangi hisobotiga ham kiritilgan.
Pokiston xavfsizlik manbalari Sulton Aziz Azzamni “ISHID-Xuroson guruhida ikkinchi raqamli shaxs va tashkilotning media departamenti uchun asosiy mas’uli” deb ta’riflagan. Hisobotlarga ko‘ra, u qo‘lga olingach, guruhning media va targ‘ibot faoliyati to‘xtab qolgan. Pokiston davlat televideniyesi ushbu hibsni guruh rahbariyatiga berilgan qaqshatqich zarba deb atamoqda.
Azzam 2016-yilda ISHID tarkibiga kirgan va 2021-yilning noyabr oyida AQSh tomonidan xalqaro terroristlar ro‘yxatiga kiritilgan. BMT hisobotida qayd etilishicha, u guruhning zo‘ravonlik mafkurasini tarqatish va terrorchilik harakatlarini oqlashda asosiy figura bo‘lgan. Hozircha ISHID-Xuroson guruhi o‘z vakilining qo‘lga olinganiga munosabat bildirmadi.