Rossiya joriy haftada Vladimir Putinning Xitoyga uyushtiradigan tashrifiga katta umid bog‘lamoqda. Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, ikki tomon ushbu uchrashuvdan o‘zlarining "imtiyozli sheriklik" aloqalarini yanada rivojlantirish uchun foydalanadi.
Qayd etilishicha, Putin seshanba va chorshanba kunlari Xitoyda bo‘ladi. Bu tashrif AQSh prezidenti Donald Tramp Pekinda Si Jinpin bilan muzokaralar o‘tkazib ketganidan bir hafta o‘tmay amalga oshirilmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu tashrif haqida bayonot berdi. "Biz ushbu tashrifdan juda jiddiy umidlar kutmoqdamiz. Biz va xitoylik do‘stlarimiz buni alohida imtiyozli va strategik sheriklik deb ataymiz", – deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegasiyasi tarkibidan bosh vazir o‘rinbosarlari, tegishli vazirlar va yirik kompaniyalar rahbarlari joy olgan.
Jurnalistlar Peskovdan muzokaralarda Rossiyaning Arktikadagi konlaridan Mongoliya orqali Xitoyga yiliga qo‘shimcha 50 milliard kub metr gaz yetkazib berishi kutilayotgan "Sibir quvvati-2" (Sila Sibiri-2) gaz quvuri loyihasi muhokama qilinishi yoki qilinmasligi haqida so‘rashdi.
"Ikki tomonlama munosabatlarimizning iqtisodiy kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar, shubhasiz, ko‘rib chiqiladi", — deya javob berdi Kreml vakili.