16 iyun kuni V Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida “Korporativ boshqaruvning kelajagi” mavzusidagi panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va yirik investorlar vakillari ishtirok etib, korporativ boshqaruvning investisiyalarni jalb qilishdagi ahamiyatini muhokama qildi.
Tadbir ishtirokchilari korporativ boshqaruv endilikda oddiy hisobot va nazorat tizimi emas, balki kompaniya qiymatini oshiruvchi va strategik sarmoyalarni jalb qiluvchi muhim omilga aylanganini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi rahbari vazifasini bajaruvchi Abdulla Abduqodirov mamlakat investorlarga beshta asosiy ustunlikni taklif qilayotganini qayd etdi. Bular — siyosiy barqarorlik, qulay geografik joylashuv, boy tarixiy meros, rivojlanayotgan infratuzilma va kuchli inson kapitali hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston faqat resurslarni arzon sotib olib, qisqa muddatli foyda olishni maqsad qilgan sarmoyadorlarga emas, balki uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor investorlarga tayanadi. Ayniqsa, energetika va transport kabi strategik sohalarda 30 yillik kafolatlangan shartnomalar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi investorlarga barqarorlik va ishonch taqdim etmoqda.
Rothschild & Co global raisi Ariel Mallar de Rotshild O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va siyosiy barqarorlik xorijiy investisiyalar oqimini kuchaytirayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, investorlar uchun qarorlar sifati, javobgarlikning aniqligi va shaffof boshqaruv eng muhim omillar hisoblanadi.
McKinsey & Company kompaniyasining katta hamkori Tarek Mansur esa zamonaviy korporativ boshqaruv nafaqat xavflarni boshqarishi, balki inqirozlarni yangi imkoniyatlarga aylantira olishi kerakligini aytdi. U buni Albaniyadagi gidroelektrostansiya misolida tushuntirib, suv tanqisligi muammosi quyosh panellari loyihasi orqali yangi biznes imkoniyatiga aylantirilganini keltirdi.
AVDO kompaniyasi rahbari Dmitriy Avdosyev esa korporativ boshqaruvning haqiqiy vazifasi qoidalarga rioya qilish emas, balki natijaga erishish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalarda xodimlar “bu mumkinmi?” degan savol o‘rniga “bu kompaniya uchun to‘g‘ri qarormi?” degan yondashuvni shakllantirishi lozim.
Sessiya davomida kuzatuv kengashlarini xalqaro standartlar asosida shakllantirish, mustaqil direktorlar institutini rivojlantirish, moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish va kompaniyalarni zamonaviy aksiyadorlik boshqaruvi tizimiga o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari fikricha, korporativ boshqaruvni takomillashtirish O‘zbekistonning xalqaro investisiyaviy jozibadorligini oshirish va mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilishning muhim sharti hisoblanadi.