O‘zbekistonda shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turishga imkon beruvchi norma konstitusiyaga muvofiq emas deb topildi. Bu haqda 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Konstitusiyaviy sud majlisida so‘z bordi.
Masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) murojaati asosida ko‘rib chiqilgan. Ombudsman Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismining konstitusiya 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiqligini aniqlashni so‘ragan.
Murojaatda 2025—2026-yillarda ombudsmanga fuqarolardan shaxslarni qonunga xilof ravishda 48 soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turish holatlaridan norozilik bildirilgan oltita murojaat kelib tushgani qayd etilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, chegara tartibini yoki O‘zbekiston davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha ushlab turilishi mumkin.
Shu bilan birga, huquqbuzarning shaxsi va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash zarur bo‘lgan hollarda shaxs ushlangan paytdan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma ravishda xabar berilgan holda uch sutkagacha ushlab turilishi mumkin. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turishga ruxsat berilgan.
Konstitusiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sud qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
Konstitusiyaviy sud uch sutkagacha yoki o‘n sutkagacha ma’muriy ushlab turish muddatlari konstitusiyada belgilangan 48 soatlik muddatdan ortiq ekaniga e’tibor qaratdi. Shuningdek, mazkur normalarda shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish zarurati tug‘ilganda muddatni uzaytirish uchun sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmagan.
Sud masalani har tomonlama o‘rganib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish konstitusiyaning 27-moddasi uchinchi qismida belgilangan kafolatlarga zid degan xulosaga keldi.
Shu asosda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismidagi chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslarni uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turishni nazarda tutuvchi norma konstitusiyaga muvofiq emas deb topildi.
Konstitusiyaviy sud, shuningdek, shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorning xabardor qilinishi yoki sanksiyasi sud qarorining o‘rnini bosmasligi lozimligini qayd etdi.