O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy terma jamoalarining kuzgi o‘yinlar uchun e’lon qilingan tarkiblari qiziq statistik farqni ko‘rsatdi.
ASnews.kz nashri ikki qo‘shni mamlakat terma jamoalari ro‘yxatini solishtirib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tarkibida xorij chempionatlarida to‘p surayotgan futbolchilar soni Qozog‘istonnikidan ikki barobar ko‘p.
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirilgan 31 futbolchining 10 nafari legioner hisoblanadi. Ular Angliya, Belgiya, Shveysariya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, BAA va Eron chempionatlarida faoliyat olib bormoqda.
Legionerlar orasida "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanov, "Antverpen" futbolchisi Muhammadali O‘rinboyev, "Lugano" vakili Behruzjon Karimov, shuningdek "Bashakshehir"da to‘p surayotgan Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov bor.
Shuningdek, Mahmudjon Mahamadjonov, Jahongir O‘rozov, Umarali Rahmonaliyev, Azizjon G‘aniyev va Odiljon Hamrobekov ham xorij klublaridan milliy jamoaga kelib qo‘shiladi.
Qozog‘istonda esa vaziyat boshqacha. Jon van't Sxip 28 futbolchidan iborat tarkibga atigi 5 nafar legionerni jalb qilgan. Ularning to‘rt nafari Rossiya chempionatida, yana biri Ozarbayjonda o‘ynaydi.
Bu futbolchilar — Nurali Alip, Maksim Samorodov, G‘alimjan Kenjebek, Islom Chesnokov va Stas Pokatilov.
Qozog‘istonning xorijdagi eng e’tiborli futbolchilaridan biri Dastan Satpayev esa jarohat tufayli yig‘inni o‘tkazib yuboradi. 18 yoshli hujumchi Angliyaning "Byornli" klubi safida faoliyat yuritadi.
Qozog‘iston sentyabr va oktyabr oylarida UYEFA Millatlar ligasida Farer orollari, Slovakiya va Moldovaga qarshi jami to‘rtta uchrashuv o‘tkazadi.
O‘zbekiston terma jamoasi esa shu davrda uchta o‘rtoqlik bahsida maydonga tushadi. Jamoamiz 24 sentyabr kuni Eron, 1 oktyabr kuni Suriya va 6 oktyabr kuni Janubiy Koreya bilan kuch sinashadi.