Xalqaro yordam xodimlarining ogohlantirishicha, Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi bir qator patogenlar, jumladan, Ebola va mpox viruslari namunalari saqlanadigan tadqiqot laboratoriyasining xavfsizligi mintaqada qurolli mojaro avj olgani sababli xavf ostida qolmoqda, deb xabar beradi BBC.
So‘nggi kunlarda M23 isyonchilari va Kongo hukumat kuchlari o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lib o‘tdi. Ko‘pgina mamlakatlar va ekspertlar Ruandani M23 ni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblashadi, lekin Ruanda buni rad etadi.
Bir kun avval isyonchilar Goma shahrini qo‘lga kiritganliklarini e’lon qilishdi. Janglar shahar elektr tarmog‘iga zarar yetkazdi, natijada xavfli viruslar saqlanadigan biolaboratoriyada elektr energiyasi uzilib qoldi.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi muzlatish kameralarining yopilishi virus tarqalishi xavfini tug‘dirishi, bu esa Ebola va mpox kabi infeksiyalarning tarqalishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ushbu viruslar muzdan tushirilsa, tashqariga chiqib ketmasligi uchun laboratoriyada -80 dan -150 darajagacha bo‘lgan haroratda saqlanadi.
Zo‘ravonlikning kuchayishi Ebola tufayli o‘lim darajasi 80% ga yetadigan mintaqada ushbu infeksiyalarning ommaviy tarqalishiga olib kelishi mumkin. JSST ekspertlari, shuningdek, mintaqa allaqachon mpox virusining yangi shtammi o‘chog‘i ekanligini ta’kidladi.
O‘tgan yili mintaqada 20 mingdan ortiq mpox kasalligi qayd etilgan, biroq kurashning kuchayishi epidemiyani nazorat qilishni imkonsiz qilgan.
Yordamchilar Goma ko‘chalarida o‘lik jasadlar va yaralangan tinch aholi borligini xabar qilmoqda. Yil boshidan buyon mamlakat sharqidagi janglar tufayli yarim million kishi uyini tashlab ketgan.
Agar infeksiya qochqinlar orasida tarqala boshlasa, oqibati halokatli bo‘lishi mumkin, deya ogohlantirmoqda mutaxassislar.