Kolumbiya AQShning Venesuelada mamlakat rasmiylarining ruxsatisiz harbiy operasiya o‘tkazish rejalarini butun Lotin Amerikasiga qarshi agressiya aktiga tayyorgarlik deb biladi. Bu haqda Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroning 11 avgust kungi bayonotida aytib o‘tdi.
"Men Kolumbiya Qurolli kuchlari qo‘mondoni sifatidagi buyrug‘imni omma oldida e’lon qilaman. Kolumbiya va Venesuela - bir xalq, bir bayroq, bir tarix", deb yozdi Gustavo Petro X ijtimoiy tarmog‘ida. "Qardosh davlatlar roziligisiz har qanday harbiy operasiya Lotin Amerikasi va Karib havzasiga qarshi tajovuz bo‘ladi". Qo‘shinlarga berilgan buyruqning mohiyati berilmagan.
Bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Meksika va mintaqaning bir qator boshqa mamlakatlaridagi narkokartellarga qarshi harbiy kuch ishlatish haqidagi qarori haqidagi ma’lumotlarga munosabat bo‘ldi. New York Times manbalariga tayanib, u Pentagon uchun tegishli maxfiy ko‘rsatmani imzolaganini xabar qildi.