Ukraina 12-may, dushanba kunidan boshlab Rossiyaga 30 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni rasman taklif qildi.Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Ukraina va barcha ittifoqchilar quruqlikda, havoda va dengizda kamida 30 kun – dushanbadan boshlab to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor”, — deb yozdi u.
Kiyevning g‘arbiy hamkorlari ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda: AQSh ham, Yevropaning aksariyat davlatlari ham bir oylik otashkesim tinchlik muzokaralariga yo‘l ochishiga ishonmoqda. Biroq, Kreml ilgari bunday sulh formatiga rozi bo‘lmagan edi; bu safar Moskvadan hozircha hech qanday javob kelmadi.
Bugun Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa davlatlari rahbarlari bilan uchrashdi: Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Polsha bosh vaziri Donald Tusk Ukraina poytaxtiga keldi. Sammit yakunlari bo‘yicha ular AQSh prezidenti Donald Tramp bilan qo‘shma telefon orqali muloqot qildi.