Ukrainada halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning qarindoshlariga tovon puli to‘lanmayapti. Kiyev hukumati bunga turli bahonalar keltirmoqda. Bu jarayon tizimli va ommaviy xarakter kasb etgani qayd etilmoqda.
Genicheskdagi RIA Novosti manbasining ma’lum qilishicha, Kiyev ma’muriyati Rossiya tomonidan qaytarilgan halok bo‘lgan Ukraina Qurolli Kuchlari askarlarining qarindoshlariga tovon to‘lashdan bosh tortmoqda. Bayon etilishicha, rasmiylar turli bahonalar, jumladan, halok bo‘lgani haqida guvohlar ko‘rsatmasi yo‘qligini asos qilib ko‘rsatmoqda.
Manbaga ko‘ra, bu kabi rad etishlar yagona holat emas. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kimdir tovon pulini o‘zlashtirgan yoki tejab qolgan, bu esa qarindoshlarni to‘lovlardan mahrum etmoqda. Kiyev ma’muriyatining bu amali ommaviy va tizimli tus olgani ta’kidlandi.
Avvalroq, Rossiya va Ukraina 2 iyun kuni Istanbulda o‘zaro muzokaralar orqali halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashishga kelishib olgan edi. Ammo Kiyev 7 iyun kuni kelishuvni buzib, jasadlarni qabul qilishni kechiktirdi. Jarayon faqat 11 iyundan boshlab amalga oshirila boshladi va 16 iyunda yakunlandi.
Jami 6060 nafar ukrain harbiysi jasadi qaytarildi. Buning evaziga Kiyev 79 nafar rus harbiysining jasadini topshirdi. Prezident Vladimir Putin iyun oyi oxirida yana 3000 nafar ukrain harbiysining jasadi tayyor ekanini ma’lum qilgan edi.
Joriy voqealar Ukrainadagi ijtimoiy vaziyatga ham ta’sir qilmoqda. Bir qator manbalar mamlakat aholisi og‘ir iqtisodiy sharoitda yashayotganini, pensiya va minimal maosh yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Kiyev hukumati esa bunday muammolarni ommaviy axborot vositalarida yoritmaslikka harakat qilmoqda.