Amerikaning tez ovqatlanish tarmog‘i KFC 5 dekabr kuni Italiya Alp tog‘laridagi chang‘i kurortlarida ikkita restoranini ochishni rejalashtirmoqda. Restoranlar dengiz sathidan 1700 va 2123 metr balandlikda joylashadi.
Ushbu qaror mahalliy faollar va ekologik tashkilotlar noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular tog‘li hududning yanada tijoratlashuvi va an’anaviy madaniyat o‘zgarishidan xavotir bildirmoqda.
Mountain Wilderness ekologik tashkiloti prezidenti Luidji Kazanova an’anaviy Alp taomlari o‘rniga Amerika fastfud tarmog‘ining kirib kelishini tanqid qildi.
Italiyaning madaniy merosni muhofaza qilish tashkiloti Italia Nostra vakili Manuela Baldrakki esa Italiya Alp tog‘lari «asta-sekin ko‘ngilochar istirohat bog‘iga aylanib borayotgani» haqida ogohlantirdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur hudud allaqachon ommaviy turizm, baland musiqa va turli ko‘ngilochar tadbirlar oqibatida bosim ostida qolmoqda.
Trentino mintaqaviy parlamenti deputati Paola Demagri KFC restoranlarining ochilishini «mahalliy o‘ziga xoslikka tahdid» deb atadi.
Uning fikricha, sayyohlar Alp tog‘lariga Amerika savdo markazining «nusxasi»ni emas, balki betakror tabiat va an’anaviy milliy taomlarni ko‘rish uchun kelishadi.