Turkiya o‘zining betakror tabiati, boy madaniy merosi va keng sayyohlik imkoniyatlari bilan xalqaro tashkilotlarning yillik yig‘ilishlari va uchrashuvlarini o‘tkazish uchun jozibador manzilga aylangan. Yirik tadbir maskanlari va yuksak darajadagi mehmondo‘stlik o‘lkaning bu boradagi nufuzini yanada oshirmoqda. Xususan, dunyodagi eng yirik sarguzasht turizmi tarmog‘i – Sarguzasht sayohatlari savdo assosiasiyasi (Adventure Travel Trade Association - ATTA) 16–19 oktabr kunlari boshqaruv kengashi yig‘ilishini Turkiyaning dunyoga mashhur Kappadokiya hududida o‘tkazdi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi rahbarligida, Turkiya Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) mezbonligida hamda Turkish Airlines aviakompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda ATTA boshqaruv kengashi rahbarlari, a’zolari va jahon turizm sohasi yetakchilari ishtirok etdi. Hududning maftunkor tabiati va ochiq havoda faol dam olish imkoniyatlari sarguzasht turizmining o‘ziga xos ruhini yaqqol aks ettiradi.
1990-yilda tashkil etilgan ATTA bugungi kunda sarguzasht turizmi sohasidagi yetakchi xalqaro tarmoqqa aylangan. Ayni paytda uyushma dunyo bo‘ylab 100 mingdan ortiq mutaxassisni, jumladan, turoperatorlar, mehmonxonalar, sayohat maslahatchilari, turizm tashkilotlari, sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qilish va boshqaruvchi tuzilmalari, turizm jihozlari ishlab chiqaruvchi va texnologik kompaniyalar, sug‘urta tashkilotlari hamda sohaviy OAV vakillarini birlashtiradi. ATTA sarguzasht turizmining barqaror va mas’uliyatli rivojlanishi, sohalararo hamkorlikni mustahkamlash hamda sayyohlik yo‘nalishlarining xalqaro miqyosdagi tanilishida muhim o‘rin tutadi.
ATTA rahbariyatining yig‘ilish uchun Kappadokiyani tanlashi Turkiyaning sarguzasht turizmi sohasidagi xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi. Tashrif davomida delegasiya a’zolari hududning sayyohlik salohiyati va sarguzasht turizmi imkoniyatlari bilan bevosita tanishdi. Dastur doirasida Kappadokiyaning manzarali vodiylari bo‘ylab elektr velosipedlarda sayohat tashkil etildi. ATTA boshqaruv kengashi raisi Erik Blachford esa 16–18-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan, Turkiyaning tog‘ va so‘qmoq yo‘llar bo‘ylab yugurish bo‘yicha muhim musobaqalaridan biri sanalgan Salomon Cappadocia Ultra Trail poygasida shaxsan ishtirok etdi.
Dasturning muhim tadbirlaridan yana biri 18-oktabr kuni o‘tkazilgan B2B formatidagi ishbilarmonlik uchrashuvi bo‘ldi. Unda mahalliy sarguzasht turizmi operatorlari, mehmonxona vakillari va hududiy hamkorlar ATTA boshqaruv kengashi a’zolari bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari va yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.
ATTA boshqaruv kengashi yig‘ilishi Turkiyaning sarguzasht turizmi sohasidagi salohiyatiga bo‘lgan xalqaro ishonchni mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini jahon turizm sohasi yetakchilariga tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu uchrashuv kelgusida Elevate Europe va World Summit kabi ATTAning yirik xalqaro tadbirlarini Turkiyada o‘tkazish bo‘yicha strategik hamkorlikka yo‘l ochishi kutilmoqda.
Kappadokiya: tabiat, tarix va sarguzasht uyg‘unligi
Turkiyaning eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri bo‘lgan Kappadokiya qadimiy tarixi va keng sarguzasht turizmi imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Ming yillar davomida shamol va suv ta’sirida shakllangan vulqon vodiylari hamda mashhur sehrli mo‘rilari yil davomida sayohat qilish uchun ajoyib sharoit yaratadi. Manzarali vodiylar bo‘ylab piyoda sayohatlar, elektr va tog‘ velosipedlarida murakkab yo‘nalishlarni bosib o‘tish, ot sayrlari hamda havo sharida parvoz qilish orqali sayyohlar hududning benazir tabiatini turli jihatdan kashf etishlari mumkin.
Kappadokiya o‘zining yuksak darajadagi mehmondo‘stligi bilan ham ajralib turadi. O‘ziga xos muhitga ega g‘or-mehmonxonalar va Michelin qo‘llanmasidan o‘rin olgan gastronomik maskanlar sayyohlarga maroqli hordiq chiqarish imkonini beradi. Mahalliy taomlar va boy madaniy meros esa bu yerdagi sarguzashtlarga boy sayohatlarga o‘zgacha mazmun bag‘ishlaydi.