O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze nihoyat, hozirda bosh murabbiysiz qolgan Indoneziya terma jamoasi haqidagi ehtimoliy imkoniyati haqida fikr bildirdi.
Goal Media nashrining Kapadzega tayanib yozishicha, Indoneziya futbol assosiasiyasi rasmiy taklif bersa, u bu vazifani qabul qilishga tayyor. U, shuningdek, hozircha hech qaysi klub bilan shartnoma tuzmaganini ham ta’kidlagan.
«Men Indoneziya terma jamoasini boshqarishga tayyorman. Hozir men erkinman, shunday ekan, takliflarni kutayapman», – deydi Kapadze futbol muxbiri Efendi Gazaliy bilan suhbatda.
Kapadze shuningdek, Indoneziya muxlislarining ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorchilik bildirdi.
«Men Indoneziyani va uning muxlislarini yaxshi ko‘raman. Ko‘plab xabarlar oldim – odamlar mendan jamoani boshqarishni so‘rashyapti. Bu men uchun juda quvonchli», – dedi u.
«Kapadze ayni vaqtda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilgan «futbol boshqaruvidagi islohotlar» davrida o‘zidan avvalgi murabbiylarning tajribasini qabul qilib oldi. Ular, o‘z navbatida, Yaponiya va Xorvatiyadan ilhom olishgan.
Kapadze O‘zbekistonni tarixda ilk bor Jahon chempionati–2026 saralashiga chiqargan murabbiy sifatida nom qozondi. Shu bilan birga, u yosh avlodni tarbiyalash tizimi bilan ham yaqindan tanish.
Men futbol dunyosida «agent» emasman, ammo agar Indoneziya futbol federasiyasi kelgusidagi (doimiy yoki vaqtinchalik) murabbiylar masalasida shunday mutaxassislarni ko‘proq inobatga olsa – bu juda yaxshi bo‘ladi, deb umid qilaman», – deb yozadi futbol jurnalisti Gazaliy.
Eslatib o‘tamiz, Indoneziya futbol federasiyasi avvalroq uchta nomzod – o‘zbekistonlik Timur Kapadze, «Persiya» klubining sobiq nemis murabbiyi Tomas Doll va Iroq terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi, ispaniyalik Xesus Kasaslarni ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingan edi.
Indoneziya terma jamoasini bunga qadar joriy yilning 8 yanvarida qabul qilib olgan gollandiyalik mutaxassis Patrik Klyuyvert boshqarib kelgan va qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng Federasiya bilan o‘zaro kelishuv asosida shartnomani bekor qilgan edi.
Ma’lumot uchun, agar Timur Kapadze Indoneziya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanadigan bo‘lsa, u Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida milliy terma jamoani boshqargan ilk o‘zbek mutaxassislardan biriga aylanadi.