Oliy Majlis Senatiga Turkiya Respublikasi mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan, mehnat, ijtimoiy himoya, ta’lim, savdo, investisiya va parlamentlararo hamkorlik sohalarida izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Parlamentlararo munosabatlar xususida so‘z yuritilar ekan, so‘nggi yillarda parlamentlar o‘rtasidagi muntazam muloqot va o‘zaro tashriflar faollashgani alohida e’tirof etildi. Tashriflar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi va shu tariqa parlamentlararo aloqalar yangi bosqichga olib chiqildi.
Uchrashuvda mehnat muhofazasi, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, aholini band qilish va kambag‘allikni qisqartirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba va axborot almashish hamda mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.