«Rossiya unga amal qilish niyatida ekanini ko‘rmadik». Kallas Moskva energetik sulh shartlariga rioya qilishiga shubha bildirdi.
Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Rossiya Ukraina bilan energetik sulhga amal qilishiga shubha bildirdi. Bu haqda u bugun Lyuksemburgda YEI tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi oldidan ma’lum qildi.
«Agar energetika sohasidagi o‘t ochishni to‘xtatishga haqiqatan ham amal qilinsa, biz buni olqishlaymiz. Biroq hozirgacha Rossiya ham ushbu kelishuvga rioya qilish niyatida ekanini ko‘rmadik», — dedi Kallas.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp kutilmaganda Rossiya va Ukraina energetika ob’ektlariga o‘zaro zarbalar berishni zudlik bilan to‘xtatish haqida e’lon qilgan edi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu tashabbusni olqishladi, biroq hozircha AQSh ma’muriyatidan batafsil ma’lumot kutayotganini bildirdi. Shu bilan birga, u Rossiyaning hujumlari davom etayotganiga e’tibor qaratdi.
Energetik sulhga bo‘lgan umidlar fonida jahon bozorida neft narxlari biroz pasaydi. Dushanba kuni Brent rusumli neft narxi taxminan 0,5 foizga arzonlab, bir barreli 104 dollarga tushdi. AQShning WTI rusumli nefti esa 91 dollargacha pasaydi.