Bugun 10 may, 2026 yil, yakshanba

КИР

JSST rahbari hantavirus tarqalgan kema yo‘lovchilari evakuasiyasini nazorat qilish uchun Kanar orollariga keldi

JSST rahbari hantavirus tarqalgan kema yo‘lovchilari evakuasiyasini nazorat qilish uchun Kanar orollariga keldi

Ma’lum qilinishicha, tashkilot rahbari Tedros Adanom Gebreyesus bortida hantavirus tarqalgan MV Hondius kruiz layneri yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari evakuasiyasini shaxsan nazorat qiladi.

JSST rahbari 10 may kuni layner yetib kelishi kutilayotgan Tenerife aholisiga murojaat qilib, ularga hech qanday xavf yo‘qligiga ishontirishga harakat qildi.

"Meni aniq eshitishingizni xohlayman, bu navbatdagi COVID emas. Hantavirusning aholi salomatligi uchun hozirgi xavfi past darajada qolmoqda. Hamkasblarim bilan buni allaqachon bir necha bor ta’kidlaganmiz va hozir buni sizga yana qaytarib aytaman", — dedi Gebreyesus.

JSST rahbari bilan birgalikda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini evakuasiya qilish jarayonini Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri Monika Garsiya hamda Ispaniya Ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska ham nazorat qiladi.

Hantaviruslar — bu kemiruvchilar orqali yuqadigan viruslar oilasi. Odamlar ko‘pincha kemiruvchilar chiqindilari zarrachalari bo‘lgan changdan nafas olganda, kam hollarda esa kemiruvchilarning tishlashi orqali ushbu virusni yuqtirib oladi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu kema bilan bog‘liq holatda And virusi aniqlangan. Bu hantavirusning odamdan odamga yaqin aloqa orqali yuqishi mumkin bo‘lgan yagona turidir. Shunga qaramay, JSST virusning keng aholi orasida tarqalish xavfi hamon past ekanini bildirmoqda. Ammo virusdan o‘lim ko‘rsatkichi 50 foizni tashkil etadi.

MV Hondius kemasi bortida 20 ta davlat fuqarolari bo‘lgan 140 dan ortiq yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bor. Laynerda bo‘lgan uch kishi hantavirusdan vafot etdi. Sayohat davomida kemadan tushgan besh kishida hantavirus bilan kasallanish tasdiqlangan.

Kiritildi: Bugun 14:30. O'qildi: 275 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!