📋 Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti katarakta kasalligi bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi.
📊 Ma’lumki, bu xastalik ko‘z gavharining xira tortishi bilan namoyon bo‘lib, bora-bora bemorda ko‘rish qobiliyati butunlay yo‘qolishiga olib keladi. Hozir dunyo bo‘yicha 94 million nafardan ortiq kishi shu darddan aziyat chekmoqda.
👁 Bu patologiyaning rivojlanishiga yosh o‘tishi, ultrabinafsha nurlanish, tamaki chekish, qandli diabet, kortikosteroid dori vositalarini ko‘p qabul qilish kabi omillar sabab bo‘ladi.
🔬 Vaholanki, zamonaviy tibbiyotda bu kasallikning davosi allaqachon topilgan. Xususan, kam invaziv jarrohlik amaliyoti orqali kataraktadan tez va oson xalos bo‘lish mumkin. Bunday operasiyalar odatda 15 daqiqa davom etadi va eng samarali muolaja usuli hisoblanadi.
❌ Shunga qaramay, jahonda katarakta tufayli ko‘rish qobiliyatini butunlay yo‘qotish xavfi bilan yashayotgan bemorlarning qariyb yarmi hanuzgacha zarur jarrohlik yordamidan foydalana ololmayapti.
📈 To‘g‘ri, keyingi 20 yil davomida kataraktani davolashga qaratilgan operasiyalar qamrovi 15 foizga oshgan. Ammo bu ko‘rsatkich yetarli emas. Chunki, JSST tomonidan 2030 yilga qadar bunday amaliyotlar ko‘lamini kamida 30 foizga oshirish maqsad qilingan.
🏵 Mutaxassislar fikricha, yuqori texnologik jarrohlik xizmatlarini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarigacha tushirish, joylarda oftalmolog shifokorlar sonini oshirish va davolanish narxlarini maqbullashtirish zarur.
💫 JSST hisobotida ta’kidlanganidek, o‘z vaqtida amalga oshiriladigan operasiyalar orqali millionlab insonlarning ko‘rish qobiliyatini tiklash, nogironlikning oldini olish va ularning hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi.
‼️ Eslatib o‘tamiz, hozir yurtimizda ko‘z gavharini almashtirish bilan bog‘liq bunday operasiyalar choksiz va kesmalarsiz, mikroinvaziv usulda amalga oshirilib, yuzlab bemorlarning qorachiqlariga nur qaytmoqda.