Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida noqonuniy tarzda tuproq qazib olish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Xususan, G‘allaorol tumani hududida fuqaro O.S. o‘z boshqaruvida bo‘lgan yuklagich transport vositasi yordamida "Qashqabuloq" MFY "Qoraqo‘yli" qishlog‘ining tuman zahira yer maydoni hududidan noqonuniy ravishda tuproq qazib, ortirib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan MJtKning 70-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BHMning 11 baravari — 4 million 125 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga 2 million 450 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisoblandi. Huquqbuzar jami 6 million 575 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.
Yana bir holatda "Qashqabuloq" MFY hududida fuqaro A.SH. ham noqonuniy ravishda tuproq qazib, ortirib ketayotgan paytda to‘xtatildi. Unga nisbatan ham MJtKning 70-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 11 baravari — 4 million 125 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.