“Uchastkovoyni birovning xotini bilan ushlashdi” izohi bilan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqda tarqalgandan so‘ng Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor A.Ikramov nazoratida xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, voqeaga oydinlik kiritish choralari ko‘rildi.
Surishtiruv davomida Jizzax viloyati G‘allaorol tumani IIB 2-sonli IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektori J.X.ning bir necha nafar shaxslar bilan kelishmovchiligi yuzaga kelgan.
O‘rganish ishlari davomida kapitan J.X.ning Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi hamda Ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning bir qator bandlarini buzganligi aniqlanib, xodim ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi.
Shuningdek, G‘allaorol tumani IIBning 4 nafar rahbar xodimlariga profilaktika inspektorining faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatmaganliklari uchun intizomiy choralar qo‘llanildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, voqeaning ayrim ishtirokchilarining xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ayrim moddalarida ifodalangan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganligi sababli to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish va qonuni qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudiga yuborildi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati