Argentina terma jamoasi va «Liverpul» yarimhimoyachisi Aleksis Mak Allisterning fikricha, «albiseleste» va «Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi 2022 yilgi jahon chempionatida g‘alaba qozonishidan ancha oldinoq Portugaliya terma jamoasi va «An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronalduni futbol jihatidan ortda qoldirgan edi.
– Sizcha, jahon chempionatidagi g‘alaba Messi va Ronaldu haqidagi bahsga nuqta qo‘ydimi?
– Menimcha, undan oldin ham bu haqda tortishishga hojat yo‘q edi. Albatta, balki men biroz adashayotgan bo‘lishim mumkin, chunki argentinalikman. Lekin shunga qaramay, Krishtianuga katta hurmatim bor. U dunyodagi ikkinchi eng yaxshi futbolchi deb o‘ylayman. U juda ulkan darajadagi o‘yinchi bo‘lgan. Ronalduga hurmatsizlik qilgim kelmaydi, lekin men uchun Messi – eng yaxshi. Unga o‘xshagan futbolchi hech qachon bo‘lmaydi, – deya Mak Allisterning so‘zlarini keltiradi TNT Sports.