Jazoir Tashqi ishlar vazirligi Birlashgan Arab Amirliklarini “provokasion va dushmanona” harakatlarda aybladi, biroq munosabatlarni uzishga olib kelgan aniq hodisalarni ochiqlamadi. Vazirlik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishning barcha imkoniyatlari tugaganini bildirdi.
Ma’l qilinishicha, BAAning Jazoirdagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va unga mamlakatni tark etish uchun 48 soat berilgan.
Jazoir, shuningdek, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolik va harbiy samolyotlar uchun o‘z havo hududini yopishini ma’lum qilgan. Biroq BAAning Jazoirga amaldi oshiradigan tijoriy reyslari 2026 yil oxirigacha istisno qilinadi. Amaldagi kelishuv muddati tugagach, bu reyslarga ham taqiq joriy etilishi kutilmoqda.
Jazoir va BAA bir qator mintaqaviy masalalarda har xil pozisiyaga ega. Jazoir Isroil bilan munosabatlarni me’yorlashtirishga qarshi chiqadi. BAA va Jazoirning mintaqaviy raqibi bo‘lgan Marokash esa 2020 yilda AQSh vositachiligidagi “Ibrohim kelishuvlari” doirasida Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan edi.
Shuningdek, Ikki mamlakat G‘arbiy Sahroyi Kabir bo‘yicha ko‘p yillik nizoda qarama-qarshi tomonlarni qo‘llaydi. BAA bu hududda konsullik ochgan va Marokashning suverenitet talabini qo‘llab-quvvatlaydi. Jazoir esa mustaqillik uchun kurashayotgan Polisario frontiga xayrixohlik bildiradi.
Jazoir prezidenti Abdulmadjid Tebbun 2025 yilda barcha Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlar a’lo darajada ekanini, faqat bitta mamlakat bundan mustasno ekanini aytgan edi. Tebbun bu bilan BAAga ishora qilgan.