Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Koreya yarimorolida tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash maqsadida Shimoliy Koreya (KXDR) bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda The Korea Times xabar berdi.
Prezident Li o‘z lavozimiga kirishganiga 30 kun to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlab, Pxenyan bilan muloqotni to‘liq to‘xtatish "aqldan ozganlik" bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimol bilan barqaror va uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish zarur.
«Urush vaqtida ham diplomatiya to‘xtamaydi. Bu bizga yoqmasa ham, eshitishga tayyor bo‘lishimiz kerak», — dedi u.
Davlat rahbari Janubiy Koreya konstitusiyasida nazarda tutilgan tinch yo‘l bilan qayta birlashish tamoyiliga sodiqligini bildirib, Seul va Pxenyan o‘rtasida ishonchli muloqot va hamkorlik zarurligini qayd etdi.