O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi “Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga o‘quvchilarni saralab olish hamda qabul qilish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 214-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasi majlisining joriy yilning 27 maydagi “2023/2024 – o‘quv yili uchun Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar hamda ijod maktablariga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 100-son bayoni asosida Agentlik tizimidagi maktablariga o‘quvchilar qabuli amalga oshirildi.
Xabar berganimizdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10 iyundan – 10 iyulga qadar ONLAYN shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi.
Agentlik tizimidagi Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga kirish imtihonlari 100-bayonga asosan kata sig‘imli 58 ta yopiq binolarda o‘tkazilishi belgilangan.
Agentlik tizimidagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli jarayoni joriy yilning 10 iyunidan boshlandi. Bunda, Prezident va ijod maktablariga hujjatlar qabul jarayoni joriy yilning 30-iyun kuni to‘xtatildi. Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga hujjatlar qabuli jarayoni esa ota-onalardan bo‘lgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda joriy yilning 10-iyuliga qadar uzaytirildi. Shuningdek, Agentlik tizimidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar qabuli 20-iyundan 10-iyulga qadar davom etdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident maktablariga 2023/2024 o‘quv yili uchun 56 745 ta hujjat qabul qilindi. Prezident maktablariga qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha bitta o‘ringa o‘rtacha 169 ta hujjat to‘g‘ri kelmoqda.
Bunda, bir o‘ringa qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatiga 267 ta, Farg‘ona viloyati 229 ta, Surxondaryo viloyati 225 ta, Namangan va Samarqand viloyatlari 224 tadan hamda eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyati 80 ta hamda Navoiy viloyati 74 ta hujjat to‘g‘ri keldi.
Bunda, bir o‘ringa qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabiga 16 ta, Farg‘ona viloyatidagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabiga 13 tadan hamda eng past ko‘rsatkich Xorazm viloyatidagi Ogahiy nomidagi ijod maktabiga 8 ta, Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga 6 ta hujjat to‘g‘ri keldi.
Bunda, qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatiga 23 248 ta, Samarqand viloyatiga 21 279 ta, Farg‘ona viloyatiga 20 536 ta, Namangan viloyatiga 19 725 ta, Surxondaryo viloyatiga 19 303 ta hamda eng past ko‘rsatkich Navoiy viloyatiga 4 733 ta, Toshkent shahriga 8 193 ta, Sirdaryo viloyati 8 402 ta hujjat qabul qilingan.
Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablariga jami 18 831 ta hujjat qabul qilingan. Xususan, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabiga
2 116 ta, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabiga 2 880 ta, Al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabiga 13 835 ta hujjat qabul qilingan.
Agentlik tizimidagi Prezident maktabi 1-bosqich kirish imtihonlari joriy yilining 15-iyul kuni o‘tkazildi.
Joriy yilning 25-26-iyul kunlari tayanch ixtisoslashtirilgan maktablariga, 28-30-iyul kunlari ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga, 30-iyul kuni ijod maktablariga hamda 31-iyul kuni Prezident maktablari uchun 2-bosqich kirish imtihonlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Hozirda maktablarda imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha viloyat hokimliklari, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Tez tibbiy yordam, Xavfsiz shahar markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.